— Sayfiddin aka, Qoraqalpog‘istonda mitinglar boshlanib ketishi va keyin uning radikal tus olib ketishi haqida siyosatshunos sifatida qanday fikr bildira olasiz?
— Namoyishlarning «yuqori darajada» va birdaniga tashkil etilgani har tomonlama (oldindan) tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatadi. Bular quyidagilarda ko‘rinadi.
Birinchisi, mana, hamma yerda (qonun loyihasining) muhokamasi boshlanganidan keyin, 2-3 kun o‘tib, buning keng muhokamasi uchun Telegram-kanal tashkil qilindi. Shu Telegram-kanal tashkil qilinganidan keyin, soatiga 5-6 ming kishi a’zo bo‘lishni boshladi. Mana shu holatdan, ya’ni katta auditoriyaning birdaniga yig‘ilishi oldindan tayyorlab qo‘yilgan. Men nimaga asoslanib aytyapman? Bunday ssenariylar birinchi marta bo‘lishi emas. 5-6 yil avval Arab bahorida, keyin Ukraina, Serbiyada, yana qo‘shni davlatlarda ham bo‘ldi. Biz bu narsalarni ko‘rganmiz, o‘zimiz o‘rganganmiz.
Ko‘pchilik buni axborot urushi deyishi mumkin, mana shu orqali aholini davlat siyosatiga teskari qilib qo‘yish, turli noroziliklarni yuzaga keltirish mumkin.
Kechagi voqealarga qaraylik, Telegram-kanal ochildi, ish ketyapti, birozdan keyin kanalda birdaniga tezislar (yo‘l-yo‘riqlar) paydo bo‘la boshladi. Masalan, hukumatga qarshi bo‘lish uchun qanday gaplar bilan murojaat qilish kerak, kimlarni haqorat qilish kerak va kimlarni maqtash kerak? Buning ustiga mana shu tezislarda Konstitutsion islohot qoraqalpoqlarning manfaati uchun emas, ularning obro‘yini yerga urish, Qoraqalpog‘iston mustaqilligini yo‘qotishga qaratilgan, deb yozilgan gaplarni ham tarqatishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ham bir qancha insonlar qizil kiyimlarda yurganini ko‘rish mumkin. Bu yaqqol namoyon bo‘ladigan obraz hisoblanadi. Ular uzoqdan, har 3 kishiga aytib turadigan, yo‘naltirib turadigan odamlardir. Keraklicha odamlar yig‘ilgach, mana shu insonlar olomonni sekin hukumat binolari tomon yo‘naltirishni boshlaydi.
Yana bir holatni ham kuzatdik, ijtimoiy tarmoqlarda «konkret» bir harakatga o‘tish kerak degan tezislar ham tarqatildi. Hamma narsa pishdi, endi ular barcha huquq-tartibot xodimlari namoyishchilar tomoniga o‘tgani, endi idoralarga borish va o‘zlarini himoya qilish uchun qurol olishi kerakligi, umuman shunga o‘xshash chorlovlarini ham kuzatdik. Mana shunga o‘xshash tezislar, yo‘l-yo‘riqlarning doimiy ravishda kelib turgani ham tashqi kuchlar ta’siri borligining bir elementi hisoblanadi.
















