Jahon | 12:15 / 14.07.2022
10993
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh gipertovushli raketaning navbatdagi muvaffaqiyatli sinovi haqida ma’lum qildi

Foto: Air Force

AGM-183A gipertovushli raketalari aniq nishonga oladigan qurol tizimlari imkoniyatlarini kengaytiradi, deya xabar berdi AQSh harbiy-havo kuchlari.

AGM-183A ARRW (Air-Launched Rapid Response Weapon) raketasining muvaffaqiyatli uchirilishi harbiy-havo kuchlarining birinchi gipertovushli quroli uchun «asosiy bosqich» bo‘ldi. Bu haqda 13 iyul, chorshanba kuni AQSh harbiy-havo kuchlari matbuot xizmati xabar qildi.

«Biz bir qator kuchaytiruvchi sinovlarni yakunladik va bu yil oxirida butun kompleksni sinovdan o‘tkazishga tayyormiz», dedi Qurollar boshqarmasining ijrochi direktori, brigada generali Xit Kollinz raketa sinovi muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan keyin.

AQSh harbiy-havo kuchlarining press-relizida ta’kidlanganidek, ARRW kabi qurollar yaxshi himoyalangan quruqlikdagi nishonlarga zarba berishga imkon beruvchi aniq qurol tizimlarining imkoniyatlarini oshirishi kerak. 

Reuters avvalroq AQSh tezligi va harakatlanish qobiliyati tufayli kuzatish va to‘xtatib qolish qiyin bo‘lgan gipertovushli qurollarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan yagona davlat emasligini ta’kidlagan edi. 

Shu tariqa, AQSh harbiylari Rossiya tomonidan Ukraina hududidagi harbiy amaliyotlar chog‘ida gipertovushli raketalar qo‘llangani, shuningdek, Xitoy tomonidan gipertovushli qurollar sinovdan o‘tkazilgani haqida ma’lum qildi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 2021 yil oktabr oyida bunday sinovlar haqidagi xabarlarni rad etgandi. 

Mavzuga oid