Texnologiya | 08:48
758
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyo kosmodromlari xaritasi: kim eng ko‘p raketa uchirmoqda?

2016 yildan 2026 yil iyunigacha bo‘lgan davrda AQSh 754 ta, Xitoy esa 513 ta orbital uchirishni amalga oshirib, jahon kosmik faoliyatining asosiy qismini o‘z qo‘liga oldi. Yangi vizualizatsiya dunyodagi eng yirik kosmodromlar va ularning so‘nggi o‘n yillikdagi faolligini namoyon qildi.

Tahlillarga ko‘ra, AQSh hozir ham koinot sohasida mutlaq yetakchi hisoblanadi. Mamlakatning Florida shtatda joylashgan Kennedi kosmik markazi va Keyp Kanaveral harbiy-kosmik stansiyasi so‘nggi o‘n yilda jami 499 ta uchirishni amalga oshirgan.

Kaliforniyadagi Vandenberg harbiy-kosmik bazasi hissasiga esa yana 222 ta start to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar bu o‘sishni asosan xususiy kosmik kompaniyalar, ayniqsa Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi faoliyati bilan bog‘lamoqda. Kompaniya raketa uchirishlar sonini keskin oshirib, AQShning orbitaga yuk chiqarish imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqqan.

Xitoy esa 513 ta start bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatning eng faol kosmodromi Tszyutsyuan bo‘lib, u yerdan 188 marta raketa uchirilgan. Sichan kosmodromi 144 ta, Tayyuan esa 95 ta startni amalga oshirgan.

Shu bilan birga, Pekin yangi kosmik infratuzilmani ham faol rivojlantirmoqda. Venchan kosmodromida 45 ta, yangi Xaynan tijoriy kosmodromida esa 16 ta start amalga oshirilgan. Bu maydonlar asosan tijoriy sun’iy yo‘ldoshlar va kelajakdagi Oy dasturlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan.



Rossiya mazkur davrda jami 192 ta kosmik uchirishni amalga oshirgan. Ularning 98 tasi Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga, 74 tasi Plesetskka va 20 tasi Vostochniy kosmodromiga to‘g‘ri keladi.

Dunyodagi boshqa muhim kosmik maydonlar qatorida Fransiya Gvianasidagi Gviana kosmik markazi (75 ta start), Yangi Zelandiyadagi Rocket Lab Launch Complex 1 (72 ta start) hamda Yaponiyadagi Tanegasima kosmik markazi (30 ta start) qayd etilgan.

Ekspertlar ta’kidlashicha, zamonaviy kosmodromlar nafaqat raketa uchirish maydonlari, balki aloqa, navigatsiya, Yerni masofadan kuzatish va harbiy kosmik tizimlar uchun muhim strategik infratuzilma hisoblanadi.

Bugungi kunda koinot sohasidagi raqobat tobora AQSh va Xitoy atrofida shakllanmoqda. Xususiy kompaniyalar faolligining ortishi esa kelajakda kosmik startlar soni yanada ko‘payishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid