O‘zbekiston | 11:53 / 14.07.2022
13986
2 daqiqa o‘qiladi

AYoQShlarda 108 ming litr neft mahsulotlari bilan bog‘liq qonunbuzilishi holatlari aniqlandi

Iste’molchilarga yetkazib berilayotgan neft mahsulotlarini sifat va miqdor jihatidan amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi bo‘yicha Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zneftgazinspeksiya” tomonidan iyun-iyul oylarida navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Foto: Global Look Press

“O‘zneftgazinspeksiya” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, nazorat tadbirlari davomida neft mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi 44 ta xususiy korxonaga qarashli AYoQShlarda umumiy miqdori 108 ming litr neft mahsulotlari bilan bog‘liq qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

Jumladan:

  • AYoQShlarda saqlanayotgan neft mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida tahlil etilganida 34 ming litr mahsulot sifatsiz ekani;
  • 60 ming litr kamomad, 15 ming litr ortiqchalik va 299 litr asossiz hisobdan chiqarish holatlariga yo‘l qo‘yilgani;
  • 10 ta holatda iste’molchilar haqidan har 10 litrda 30 millilitrdan 750 millilitrgacha kam quyib berilayotgani;
  • AYoQShlarda 70 ga yaqin texnik va metrologik kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

Respublika bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilishi holatlari asosiy qismi Namangan viloyati (55,4 ming litr), Farg‘ona viloyati (27 ming litr), Sirdaryo viloyati (14,2 ming litr), Surxondaryo viloyati (4,2 ming litr), Qashqadaryo viloyatiga (2,7 ming litr) to‘g‘ri kelmoqda.

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga muntazam ravishda yuborilmoqda, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid