O‘zbekiston | 07:27 / 14.07.2022
4364
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya kompaniyasi Samarqandda maxsus avtomobillar va tez tibbiy yordam mashinalari ishlab chiqarmoqchi

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida «SamAuto» MChJ rahbarlarining Ispaniyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Safar chog‘ida O‘zbekiston vakillari «Rodriguez Lopez Auto» kompaniyasining Orense (Galitsiya) shahridagi zavodida bo‘lib, korxona rahbarlari bilan tez tibbiy yordam mashinalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

«Rodriguez Lopez Auto S.L.U.» tez tibbiy yordam va maxsus avtomashinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 40 yildan ortiq vaqt mobaynida kompaniya bozor 65 foizdan ortiq qismini egallagan holda Ispaniyada tez tibbiy yordam mashinalari yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylangan. O‘tgan vaqt mobaynida kompaniya dunyoning 25 mamlakati uchun 10 mingdan ortiq tez tibbiy yordam mashinasini ishlab chiqargan.

2021 yil 24-27 avgust kunlari «Rodriguez Lopez Auto» kompaniyasi rahbarlari O‘zbekistonda bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, «O‘zavtosanoat» AKda muzokaralar o‘tkazgan, shuningdek, Samarqand shahrida joylashgan «SamAuto» aksiyadorlik jamiyati zavodi faoliyati bilan tanishgan.  

O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchisi imkoniyatlaridan kelib chiqib, «ISUZU» yengil va yuk avtomobillari shassilari asosida maxsus avtomobillar chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Ispaniya vakillari texnik takliflari tayyor bo‘lgani va hamkorlik shakli bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani bois, O‘zbekistondan Ispaniyaga «SamAuto» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir nechta shassilar jo‘natilishi hamda Orense shahridagi zavodda ularga tez tibbiy yordam mashinalarini tajriba tariqasida o‘rnatilishi kutilmoqda. Kelgusida ispaniyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Loyiha ishga tushgach, yiliga 500 dan 800 tagacha tez tibbiy yordam va maxsus avtomashinalar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid