Jahon | 08:43 / 14.07.2022
8943
3 daqiqa o‘qiladi

Litva 2025 yilgacha NATO brigadasini joylashtirishga tayyorlanmoqchi

Litvadagi NATO batalonlarini brigadalar soniga ko‘paytirish to‘g‘risidagi qaror alyansning iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammitida qabul qilingan edi. O‘shanda u uchun infratuzilma 2027 yilgacha tayyor bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

Foto: Reuters

Germaniya boshchiligidagi NATO brigadasini joylashtirish uchun infratuzilma Litvada 2025 yilning o‘rtalarida tayyor bo‘ladi. Bu haqda 13 iyul, chorshanba kuni Vilnyusda chiqish qilgan Litva Seymining Milliy xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi rahbari Laurinas Kashchyunas ma’lum qildi. Shu paytgacha bu ish 2027 yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan edi.

Shu kuni Boltiqbo‘yi davlati mudofaa vaziri Arvidas Anushauskas o‘zining Facebook sahifasida 2024—2025 yillarda Litvada ko‘proq muddatli harbiy xizmatchilar va professional askarlarni joylashtirish uchun zarur bo‘lgan infratuzilma obektlarini tayyorlash bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishini yozdi. «O‘q-dorilar omborlarining rivojlanayotgan infratuzilmasi ularni yanada ko‘proq joylashtirish imkonini beradi», deb qo‘shimcha qildi Anusauskas.

NATOning iyun oyi oxirida Madridda bo‘lib o‘tgan sammitida alyans a’zolari Litvada joylashgan NATO xalqaro bataloni Germaniya boshchiligidagi soni 3000 dan 5000 gacha bo‘lgan askarga ega brigadaga kengaytirilishiga kelishib oldi. 

«Biz har yili qo‘shinlarni qabul qilish qobiliyatimizni oshirish uchun yaqin bir necha yil ichida bunga (NATO xalqaro brigadasini joylashtirish uchun infratuzilmani tayyorlashga) katta mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqdamiz», — dedi Anushauskas NATO sammitidan so‘ng. 

Iyun oyi boshida Germaniya kansleri Olaf Shols Litva prezidenti Gitanas Nauseda, Latviya va Estoniya bosh vazirlari Krishyanis Karinsh va Kaya Kallas bilan qo‘shma matbuot anjumanida Berlin «kuchli brigada» yaratish orqali «NATOning sharqiy qanotida o‘z hissasini kuchaytirishini» e’lon qildi. 

Litvadagi NATO xalqaro batalonlari, boshqa Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshada bo‘lgani kabi, 2017 yilda Rossiya Qrimni annexia qilganidan keyin mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar kuchayib borayotgan bir sharoitda joylashtirilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid