O‘zbekiston | 10:15
780
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston NATO sherik davlatlari kunida ishtirok etdi

Belgiyaning Mons shahrida joylashgan NATOning Birlashgan qo‘shinlari Bosh qo‘mondonligining Operatsiyalar bo‘yicha shtab-kvartirasida (SHAPE) o‘tkazilgan “NATO sherik davlatlari kuni – 2026” tadbirida O‘zbekiston ham ishtirok etib, mamlakatning boy madaniy merosi, turistik salohiyati va milliy an’analarini xalqaro jamoatchilikka namoyish qildi.

Foto: Dunyo

Tadbir NATOga a’zo va sherik davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlarning tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Bu yilgi tadbirda 20 dan ortiq davlat vakillari qatnashdi. Uchrashuvga NATO bosh qarorgohi va uning turli tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan 300 nafarga yaqin harbiy xizmatchi, mutaxassis va ularning oila a’zolari mehmon sifatida tashrif buyurdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan SHAPE boshlig‘i o‘rinbosari, Harbiy hamkorlik direktorat boshlig‘i admiral Yusuf Karagyule bunday madaniy uchrashuvlar turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, NATO hozirgi kunda 35 davlat bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ulardan 27 tasi SHAPE'da akkreditatsiyadan o‘tgan. Shuningdek, 20 ta davlat mazkur shtab-kvartirada doimiy vakolatxonasiga ega.

Tadbir doirasida O‘zbekiston milliy paviloni ishtirokchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Unda mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi fotosuratlar, xalq hunarmandchiligi namunalari va milliy amaliy san’at buyumlari namoyish etildi.

Mehmonlarga O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy shaharlari va madaniy obidalari haqida ma’lumot beruvchi buklet va targ‘ibot materiallari ham taqdim etildi.

Shuningdek, gastronomik ko‘rgazma doirasida mehmonlar o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Milliy taomlar o‘zining betakror ta’mi va xilma-xilligi bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ta’kidlash joizki, “NATO sherik davlatlari kuni” 2005 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadigan an’anaviy madaniy tadbirlardan biri hisoblanadi. U turli mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy muloqot va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid