Jahon | 11:51 / 14.07.2022
10611
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Myanma bilan yuqori texnologiyalar sohasida aloqalarni kengaytiradi

Myanma harbiy xuntasi rahbari Moskvada «Roskosmos» va Mudofaa vazirligi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Manbalar atom energetikasi sohasidagi hamkorlik kengaytirilishi haqida ham xabar bermoqda.

Foto: Picture Alliance

Myanma harbiy xuntasi Rossiya bilan atom energetikasi sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatida. Myanmaning Irrawaddy mustaqil axborot portali 13 iyul, chorshanba kuni xabar berishicha, Myanma oliy bosh qo‘mondoni, bosh vaziri Min Aung Xlaynning shaxsiy tashrifi chog‘ida «Rosatom» bilan tegishli bayonot matni imzolangan. Bitim tafsilotlari noma’lum.

2015 yil iyun oyida «Rosatom» davlat korporatsiyasi va Myanma hukumati o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha hamkorlik memorandumi tuzilgan edi. 

Min Aun Xlaynning Rossiyaga tashrifini yoritgan Rossiya OAVlari 12 iyul kuni u «Roskosmos» rahbari Dmitriy Rogozin va «Rosatom» vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirayotganini yozgan. Rossiya federatsiyalar kengashi vitse-spikeri Konstantin Kosachev ham buni tasdiqladi: «Myanma rahbarining shaxsiy tashrifi dasturi yuqori texnologiyalar bilan shug‘ullanadigan Rossiya tashkilotlari - «Rosatom», «Roskosmos» bilan uchrashuvlarga qaratilgan». 

Shu kuni kechqurun Xlaynning Rogozin bilan uchrashuvi haqida xabar paydo bo‘ldi, unda tomonlar «koinot sohasidagi Rossiya-Myanma hamkorligining holati va istiqbollarini muhokama qilishgani» aytiladi. Bundan tashqari, Myanma bosh vaziri Mudofaa vazirligi vakillari bilan uchrashgan. Tomonlar harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni strategik sheriklik ruhida chuqurlashtirish uchun to‘plangan salohiyatdan imkon qadar samarali foydalanish istagini bildirdi», — deyiladi vazirlik xabarida uchrashuvdan so‘ng. 

Rossiya ommaviy axborot vositalari Myanma rahbarining «Rosatom» vakillari bilan aloqalari haqida xabar bermadi. 

Myanmada 2021 yilda davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi, natijada demokratik yo‘l bilan saylangan hukumat ag‘darilib, hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tdi. Bu voqealar Rossiyaning yangi tuzum bilan harbiy-texnik hamkorlikni davom ettirishiga to‘sqinlik qilmadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid