O‘zbekiston | 16:32 / 15.07.2022
20991
2 daqiqa o‘qiladi

Yirik kupyura chiqarilishining inflatsiyaga umuman ta’siri yo‘q - Markaziy bank

Markaziy bank eski namunadagi 5, 10, 50 va 100 ming so‘mliklarni tabiiy yo‘l bilan faol ravishda yig‘ishtirib olishga shoshilmayotgani bo‘yicha ham izoh berdi.

Foto: Kun.uz

Yirik nominaldagi banknotlarning muomalaga chiqarilishining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga, xususan inflatsiya darajasiga umuman ta’siri yo‘q, deya 200 ming so‘mlik banknot yuzasidan Kun.uz'ga qo‘shimcha izoh berdi O‘zbekiston Markaziy banki.

Regulyatorning qayd etishicha, inflatsiya tovar va xizmatlar narxlarining o‘zgarishi (oshishi yoki pasayishi) bilan o‘lchanadi, pul massasi yoki muomaladagi naqd pullar hajmi, ularning nominali bilan emas.

“Bu amaliyot faqat ish samaradorligini oshirish, to‘lovlarni amalga oshirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan bo‘lib, soddaroq aytganda Markaziy bank tomonidan 2 ta 100 000 so‘mlik yoki 4 ta 50 000 so‘mlik o‘rniga 1 dona banknot – 200 000 so‘mlikni muomalaga chiqaradi”, – deyiladi MB matbuot xizmati axborotida.

Bugun, 15 iyuldan 200 ming so‘mlik kupyura chiqarilgach, muomaladagi qog‘oz pullarning turlari soni 12 taga yetdi. Kun.uz'ning eski namunadagi pullarni almashtirish sekinlik bilan olib borilayotgani haqidagi savoliga Markaziy bankda quyidagicha javob berildi:

“Eski namunadagi 50 000 va 100 000 so‘mliklar muomalada qoldirilishiga sabab, ularni qisqa muddat ichida muomaladan yig‘ib olish hamda o‘rniga yangilarini kiritish – birinchidan, katta xarajat talab etadi, ikkinchidan aholi uchun turli noqulayliklar, ovoragarchiliklarni, e’tirozlarni keltirib chiqaradi.

Jahon amaliyotida ham yangi seriyadagi banknotlar muomalaga kiritilganda eskilari bilan parallel ravishda muomalada yurishi va ular tabiiy yo‘l bilan, ya’ni muomalada yurishi davrida eskirib qolganlarigina sekinlik bilan muomaladan qaytarib olinishi qulay va optimal yechim hisoblanadi”.

Mavzuga oid