08:45 / 16.07.2022
11958

Rossiya va AQSh XKSga o‘zaro parvozlar bo‘yicha kelishib oldi

AQSh va Rossiya kosmik agentliklari kelgusi parvozlarda bir ekipaj a’zosi boshqa mamlakat vakili bo‘lishiga kelishib oldi.

Foto: REUTERS/NASA/Roscosmos/Handout

Rossiyaning «Roskosmos» davlat korporatsiyasi va AQSh Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) o‘rtasida Rossiya va Amerika kemalarida integratsiyalashgan ekipajlarning parvozlari bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda 15 iyul, juma kuni «Roskosmos» xabar berdi.

«Kelishuv Rossiya yoki Amerika kosmik kemasi parvozining bekor qilinishi yoki sezilarli kechikishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, XKS bortida kamida bitta «Roskosmos» kosmonavti va bitta NASA astronavti bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Bunda, Rossiya va Amerika segmentlariga xizmat ko‘rsatish ta’minlanadi», — deyiladi davlat korporatsiyasi xabarida.

Imzolangan kelishuv «Rossiya va AQSh manfaatlariga javob beradi» va «XKS dasturi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi», — deya ma’lum qildi «Roskosmos». 

Endi Amerikaning Crew Dragon bortida bitta o‘rin rossiyalik kosmonavtga beriladi. AQShda malaka oshirayotgan Anna Kirkina Amerikaning XKSga navbatdagi ekspeditsiyasida ishtirok etadi. NASA-SpaceX Crew-5 missiyasining uchirilishi 1 sentabrga belgilangan. Rossiyaning «Soyuz MS-22» kemasida esa amerikalik astronavt Fransisko Rubioga bitta joy ajratiladi. NASA’ning XKSdagi dasturi rahbari o‘rinbosari Dana Vaygelning so‘zlariga ko‘ra, astronavt rossiyalik ekipaj bilan birga mashg‘ulotlardan o‘tmoqda. 

Mart oyida NASA’ning XKS dasturi menejyeri Joel Montalbano agentlik Ukrainadagi urush va sanksiyalarga qaramay, Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirishini aytdi. «Biz 20 yildan ortiq vaqt davomida birga ishladik va buni davom ettiramiz. Nima bo‘layotganini bilamiz, lekin oldinga siljishimiz kerak. Bu bir guruh ikkinchisisiz mavjud bo‘ladigan jarayon emas. Muvaffaqiyatga erishish uchun hamma birgalikda ishlashi kerak», - deya tushuntirdi Montalbano. 

Top