Jahon | 09:12 / 16.07.2022
4454
4 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Rossiyadan oltin importini taqiqlashni ma’qulladi

Yevrokomissiya Rossiya oltini importini taqiqlashga rozi bo‘ldi, shuningdek, barcha cheklovlar Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishga ta’sir qilmasligi kerakligini aniqladi.

Foto: AFP

Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketi, jumladan, Rossiya Federatsiyasidan oltin olib kirishni taqiqlash hamda cheklovlar ostida qolgan jismoniy shaxslar va kompaniyalar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi. Bu haqda Yevrokomissiyaning 15 iyul, juma kuni chop etilgan xabarida aytiladi.

Bryusselda ta’kidlanishicha, yangi choralar «Yevropa ittifoqining Rossiyaga qarshi oltita sanksiyalar paketini qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan». Xususan, Rossiyaga yuqori texnologiyalar va ikkilamchi maqsadlarda eksport qilinadigan mahsulotlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Reuters xabariga ko‘ra, bu kimyoviy mahsulotlar va texnologiyalarga taalluqlidir. Bundan tashqari, sanksiya ostidagi aktivlarni muzlatish ustidan nazoratni kuchaytirish uchun «hisobot talablari kuchaytiriladi».

Yevropa komissiyasining ta’kidlashicha, Yevropa ittifoqi sanksiyalari «hech qanday holatda» Rossiya va uchinchi davlatlar o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosiga qarshi qaratilmaydi. Savdogarlar tomonidan cheklovlarni noto‘g‘ri talqin qilishning oldini olish uchun bunday eksportga cheklovlar yangi paketda aniqlashtiriladi, dedi Reuters manbasi. 

Ulardan ba’zilari sanksiyalar ostida davlat korporatsiyalariga tegishli bo‘lgan Rossiya portlaridan oziq-ovqat tashishdan qo‘rqyapti, deya ta’kidlaydi agentlik. Yangi paket ushbu portlar cheklovlardan ozod qilinganligini ko‘rsatadi, dedi Reuters agentligiga manba. 

Shu bilan birga, Komissiya Rossiya kemalarining Yevropa ittifoqi portlariga kirishiga joriy taqiqni kuchaytirmoqchi, shunda ular sanksiyalarni chetlab o‘tib, rasmiy ravishda cheklanmagan doklarda yuklarni tushira olmaydi. 

Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Yevrokomissiyaning ushbu taklifini 18 iyuldagi yig‘ilishida muhokama qilishlari mumkin, biroq o‘sha kuni hech qanday yangi cheklovlarni tasdiqlash rejalashtirilmagan, deya xabar beradi DW’ning Bryusseldagi muxbiri. «Dushanba kuni sanksiyalar bo‘yicha qaror bo‘lmaydi», dedi Yevropa ittifoqi tuzilmalaridagi yuqori martabali manba. 

Shuningdek, Reuters manbasi Yevropa ittifoqi sanksiyalarni kelasi hafta muhokama qilib, yozgi ta’til oldidan ularni qabul qilish niyatida ekanini aytdi. Agentlik suhbatdoshi cheklovlar Rossiya nefti yoki ko‘miriga ta’sir qilgan avvalgi cheklovlarga nisbatan nisbatan kamligi sababli sanksiyalarni «olti yarim» paket deb atadi. 

«Bugun biz Yevropa ittifoqining Kremlga nisbatan sanksiyalarini kuchaytirishni, ularni yanada samaraliroq qo‘llashni va 2023 yilning yanvarigacha uzaytirishni taklif qilmoqdamiz. Moskva o‘z agressiyasi uchun yuqori bahoni to‘lashda davom etishi kerak», - dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen. 

«Bugungi paket xalqaro hamkorlar, jumladan, G7 bilan kelishilgan yondashuvimizni aks ettiradi. Ushbu chora-tadbirlarga qo‘shimcha ravishda, men Yevropa ittifoqi kengashiga ko‘proq jismoniy va yuridik shaxslarni ro‘yxatga kiritish, so‘ngra aktivlarni muzlatish va sayohat cheklovlari bo‘yicha takliflar bilan chiqaman», - Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid