O‘zbekiston | 17:08 / 18.07.2022
11587
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Bizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanadi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalasi muhokama qilinmoqda. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Ko‘rib turibsiz – dunyoda oziq-ovqat tanqisligi muammosi kuchayib bormoqda. Ayniqsa, mahsulot yetishtiruvchi asosiy davlatlarning eksportga cheklovlar qo‘yishi va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda”, dedi davlat rahbari.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanadi. 

“Shu bois, yuqoridagi xavf-xatarlarning aholimizga ta’sirini yumshatish bo‘yicha har bir mahalla, tuman, viloyat darajasida aniq hisob-kitob va chora-tadbirlar qilish kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berganmiz”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Yil boshida paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobidan aholiga 80 ming gektar maydonni bo‘lib berish boshlangan. Aholi xonadonlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 3 mingdan ziyod “Tomorqa xizmati” infratuzilmasi yaratilgan. Tomorqada mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o‘zida 400 milliard so‘m imtiyozli mablag‘lar ajratilgan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 6 oyida 821 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 102 ming tonna ko‘p meva-sabzavot eksport qilindi. Hozirga qadar ajratilgan 64 ming gektarda jami 785 ming aholi bandligi ta’minlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid