Sport | 11:55 / 19.07.2022
14088
10 daqiqa o‘qiladi

«Yangi transferlar bo‘lmaydi». «Real» va Benzemani kutayotgan ehtimoliy muammolar

«Real» yoshi katta hujumchining o‘rniga futbolchi olishni xayoliga ham keltirmayapti.

Rossiyaning «Chempionat» sayti kolumnisti Mixail Georgiyev «Real» va Benzemeani kutayotgan ehtimoliy muammolar haqida yozdi.

Hujumchi Karim Benzema o‘tgan mavsumni juda zo‘r o‘tkazdi, «Real» va Fransiya milliy jamoasi safida 50 ta gol urdi. Katta ehtimol bilan Benzema oktabr oyida «Oltin to‘p»ni oladi. Keyin Karimni Qatarda mashaqqatli jahon chempionati kutmoqda, u yerda Fransiya «aravasi»ni Kilian Mbappe bilan birga tortishiga to‘g‘ri keladi.

Benzema dekabr oyida 35 yoshga to‘ladi. Uning yana bir kuchli mavsumni o‘tkazishiga shubha qilish uchun jiddiy sabablar bor. Fransuzni katta qiyinchiliklar kutmoqda. Ayniqsa, Madriddan uning uchun tobora ko‘proq noxush xabarlar kelayotganini hisobga olsak.

Mbappe Karimning «Real»dagi sherigiga aylanmadi, klub rahbariyati boshqa hujumchilar bilan shartnoma imzolamadi va katta ehtimol bilan, imzolamoqchi ham emas. Hujumchi pozitsiyasida tarkibning sayozligi yangi mavsumda jiddiy muammo bo‘lishi mumkin. Masalan, «Real»ning sobiq hujumchisi Fernando Moriyentes jamoa hujumni kuchaytirishi shartligini ta’kidlamoqda.

«Real»da faqat bitta haqiqiy hujumchi bo‘lganini eslay olmayman. Odatda ikki yoki uchta bo‘lgan. Bu tashvishli holat. Vinisius Junior o‘tgan mavsumda La Ligada 17 ta gol urdi, lekin u aslida chap qanot yarimhimoyachisi va yagona haqiqiy hujumchi Karim Benzemadir», - dedi Moriyentes.

Foto: GONZALO ARROYO MORENO/GETTY IMAGES

«Real»da Karimdan boshqa qanday variantlar bor?

Iyun oyida «Real» prezidenti Florentino Peres hujumchi sotib olish rejasi yo‘qligini aytgan edi. Uning fikricha, Benzema yuqori saviyada o‘ynashda davom etadi. Uni dunyodagi eng yaxshi «to‘qqizlik» deb atadi va tarkib yetarli darajada shakllanganini ta’kidladi.

Ammo kutilmagan voqealardan hech kim sug‘urtalanmagan. Ayniqsa, 35 yoshli futbolchi uchun noyabr-dekabr oylarida iqlimi issiq mamlakatda, noodatiy jadval asosida o‘tkaziladigan jahon chempionatidan keyin. Bu yerda nafaqat qiyin jadval, ehtimoliy jarohatlar tufayli ham tashvishlanish lozim.

Karlo Anchelotti, albatta, o‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi Vinisius Juniordan ham hujumchi sifatida tez-tez foydalanadi. Braziliyalik futbolchi barcha musobaqalarda 22 ta gol urdi. Agar bundan oldingi mavsumda atigi 6 ta gol urgani hisobga olinsa, jiddiy o‘sish.

Murabbiy ham yaqinda shartnomasi uzaytirilgan Rodrigo Goyesning sermahsulligini oshirishga harakat qilishi mumkin. O‘tgan mavsumda Rodrigo to‘qqizta gol urdi, yangi pozitsiyada unda o‘sish imkoniyati bor. Lekin har ikkala futbolchi ham sof «to‘qqizlik» emas.

Foto: DAVID RAMOS/GETTY IMAGES 

Shubhasiz, «Real»ga yana bir hujumchi kerak. Hozircha madridliklar ushbu pozitsiya vakillaridan voz kechish bilan ovora. Luka Yovich «Fiorentina»ga tekinga berildi. Serbiyalik italiyaliklar safida ajoyib debyut qildi, «Real Vichensa» (7:0) bilan o‘rtoqlik o‘yinida to‘rtta gol urdi – ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushdi va poker qayd etdi. Ha, bu shunchaki juda kuchsiz raqibga qarshi o‘rtoqlik o‘yini edi. «Real» esa jamoada butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchragan Yovichning ketishidan xavotirda bo‘lmasa kerak. Ammo Benzemaning o‘rinbosari bilan bog‘liq muammo baribir hal qilinishi kerak. Agar boshqa variantlar bo‘lmasa, Yovich xizmatidan ham qaysidir tarzda foydalanish mumkin edi.

Florentino Peres Mbappe bilan shartnoma imzolanishiga umid qilgan, shuning uchun Erling Holandning «Manchester Siti»ga o‘tishini xotirjam kuzatgan. Bozorda undan ham taniqli bo‘lmagan nomlar uni qiziqtirmaydi. Jamoadagi sof hujumchilar ham qadrlanmaydi. Yovich ketdi, klubda Benzema o‘rnini bosa oladigan ikkita nominal «to‘qqizlik» qoldi - Mariano Dias va Borxa Mayoral. Ammo tez orada bu ro‘yxat ham qisqarishi mumkin.

Marca xabariga ko‘ra, Mayoral «Real»ni tark etishga yaqin turibdi. Peresning pozitsiyasi shuki, agar kimdir Borxa uchun 10 million yevro taklif qilsa, futbolchi darhol sotiladi. Mayoralning o‘zi Madridda qolishni istaydi va Yovichning ketishi o‘zini namoyon etish uchun so‘nggi imkoniyat deb hisoblaydi. Biroq bu vaziyatda futbolchining fikri inobatga olinmayapti.

Borxa jamoada qolish uchun bosh murabbiyni ko‘ndirish tajribasiga ega. 2021 yilda Zinedin Zidan unga ishonmagan, ammo baribir olib qolgan edi. Hozir esa vaziyat murakkabroq. Anchelotti Mayoralga ishonch bildirmayapti va noodatiy pozitsiyada nominal vingerlar Vinisius va Rodrigo xizmatidan foydalanishga ko‘proq moyil. Mayoralga «Xetafe», «Selta» va A Seriyaning bir qancha klublari qiziqish bildirmoqda. Transferga eng yaqini «Xetafe».

Foto: GONZALO ARROYO MORENO/GETTY IMAGES

AS xabariga ko‘ra, Anchelotti Benzemaning yukini yengillashtirish uchun Eden Azardan aldamchi «to‘qqizlik» sifatida foydalanishni ham rejalashtirgandi. Biroq, murabbiy yaqinda o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi va agar munosib taklif tushsa, Azarni sotishga ruxsat berdi.

Belgiyalik futbolchi Anchelotti qo‘l ostida La Liganing o‘tgan mavsumida atigi 7 ta o‘yin o‘tkazdi. Ya’ni, dastlab Edenga katta ishonch yo‘q edi va uni aldamchi «to‘qqizlik» sifatida o‘ynatish varianti majburiy va juda yomon deb hisoblanardi. Azar ochig‘ini aytganda, o‘z pozitsiyasida ham porlamayotgandi. Endi Anchelotti aldamchi «to‘qqizlik» g‘oyasidan voz kechdi va klubga Azarning xizmatlariga qiziqmasligini ma’lum qildi. Qanot futbolchisini APLning «Chelsi» va «Nyukasl» klublaridan biri sotib olishi mumkin.

Bu vaziyatda «Real» nima qiladi?

Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, yana bir qanot yarimhimoyachisi bilan shartnoma imzolashi mumkin. Defensa Central xabariga ko‘ra, Leroy Sanening agenti Damir Smolyan futbolchi xizmatini «Real»ga taklif qilgan. «Bavariya» vingeri «Liverpul»dan Sadio Mane kelgach, o‘yin amaliyotining kamayishidan xavotirda. «Real» futbolchining agentiga transfer imkoniyatini o‘rganib chiqishini bildirgan.

2020 yildan beri «Bavariya»da o‘ynab kelayotgan 26 yoshli Sane 89 o‘yinda 24 ta gol urdi va 27 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Yomon emas, lekin «Real»ga bunday pozitsiyada o‘ynovchi futbolchi kerak emas – agar Vinisius/Rodrigo juftligidan kimdir qanotni tark etmasa. Marca ham Leroyning madridliklarga kerak emasligi haqida yozdi. «Real» faqat futbolchilarni (Marko Asensio, Daniel Sebalos, Azar, Mayoral) sotishni mo‘ljallamoqda. Yaqinda Anchelotti ham ochiqchasiga aytdi: «Yangi transferlar bo‘lmaydi, bizda hammasi yaxshi».

Foto: SHAUN BOTTERILL/GETTY IMAGES

Erling Holand, Kilian Mbappe, Romelu Lukaku, Robert Levandovski va bozorda mavjud bo‘lgan boshqa hujumchilar qo‘ldan boy berildi. «Real» Fransiyaning «Reyms» klubi to‘purari Ugo Ekitikega (Liga 1 o‘tgan mavsumida 24 ta o‘yinda 10 ta gol) qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo ish muzokaralargacha yetib bormadi. Futbolchini katta ehtimol bilan «PSJ» olsa kerak.

«Real» Benzemaning yaqin bir necha yil ichida yuqori saviyada to‘p tepishiga umid qilmoqda. Unga 19 iyul kuni (hammadan kech) ta’tildan qaytishiga ruxsat berildi. Ammo bu uning mavsumga tayyorligiga jiddiy ijobiy ta’sir ko‘rsatmasa kerak. Demak, yoshi katta futbolchi keyingi mavsumda haddan ortiq yukni tortishiga to‘g‘ri keladi, zaxira o‘rindig‘i esa, yangiliklarga qaraganda, faqat qisqaradi.

Balki Anchelotti Vinisius va Rodrigoni super to‘purar hujumchilarga aylantirar, ammo baribir ular klassik «to‘qqizlik» Benzema bilan taqqoslansa, butunlay boshqacha imkoniyat va ko‘nikmaga ega o‘yinchilardir. Bundan tashqari, ularga ham o‘rinbosar kerak bo‘ladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid