Jahon | 09:47 / 19.07.2022
8321
3 daqiqa o‘qiladi

Qayta tiklanadigan energiya avtokratik rejimlardan mustaqillikni ta’minlaydi - Germaniya tashqi ishlar vaziri

Qayta tiklanadigan energiya manbalarining rivojlanishi butun dunyo bo‘ylab avtokratlardan xalos bo‘lishga yordam beradi, deb hisoblaydi Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari. Berbokning fikricha, Ukrainadagi urush bunday rivojlanish uchun turtki bo‘ladi.

Foto: Reuters

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi munosabati bilan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan kengroq foydalanish muhimligi haqida gapirdi. «Bizning zamonamizda qayta tiklanadigan energiya erkinlik ham demakdir», dedi u 18 iyul, dushanba kuni Berlinda 40 dan ortiq davlat vakillari ishtirokidagi Petersberg iqlim muloqotida so‘zlagan nutqida.

Germaniya tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, bu «qazib olinadigan yonilg‘i importidan va butun dunyo bo‘ylab avtokratik hukumatlardan mustaqil bo‘lish uchun eng yaxshi kafolatdir». Berbokning ishonishicha, Rossiya Ukrainada boshlagan urush «qayta tiklanadigan energiya manbalarini kengaytirish uchun rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi», ammo bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «rejalarida hech qachon bo‘lmagan». 

«Yashillar» partiyasi vakili Annalena Berbokning tan olishicha, Germaniya hukumati Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirish uchun ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalarini qayta ochish bo‘yicha qiyin qarorlar qabul qilishga majbur bo‘lgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bu Berlin hukumati qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish istagini yengillashtirayotganini anglatmaydi. 

Shu bilan birga, vazir global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan harakatlarga chaqirdi: «Iqlim inqirozi hech qanday chegarani tan olmaydi». Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda bu «Yer yuzidagi barcha odamlar uchun eng katta xavfsizlik muammosi». 

Berbok Petersberg iqlim dialogini joriy yilning noyabr oyida Misrning Sharm al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon iqlim konferensiyasiga tayyorgarlikning muhim elementi sifatida ko‘ryapti. Germaniya hukumati bayonotiga ko‘ra, Misr bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan Berlin forumi BMTning bo‘lajak konferensiyasi uchun yo‘nalishni belgilab beradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid