Jahon | 09:31 / 19.07.2022
14095
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi Google’ni 21,7 milliard rubl jarimaga tortdi

Bu iyun oyida Rossiyadagi shu’ba korxonasi uchun bankrotlik jarayonini boshlagan Google uchun ikkinchi jarima hisoblanadi.

Foto: IMAGO

Moskvaning Taganskiy tumani sudi Google kompaniyasini Ukrainadagi urush haqidagi ma’lumotlarni YouTube’dan o‘chirishdan bir necha bor bosh tortgani uchun 21,7 milliard rubl jarimaga tortdi. Bu haqda 18 iyul, dushanba kuni «Interfaks» agentligi xabar berdi

Kompaniya «taqiqlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan materiallarga kirishni cheklash tartibini takroran buzganlik» (Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 13.41-moddasi 5-qismi) bo‘yicha aybdor deb topildi va Rossiyadagi yillik daromadining 10 foizi miqdorida jarimaga tortildi.

Ma’muriy javobgarlikka tortishga Roskomnadzorning Google’ga tegishli YouTube videoxostingini Ukrainadagi urush haqida yolg‘on ma’lumotlar, «ekstremistik qarashlar va terroristik tashkilotlar mafkurasini targ‘ib etuvchi», shuningdek, «portlovchi moddalarni ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar» va ruxsat etilmagan ommaviy harakatlarda ishtirok etishga chaqiriqlar bo‘lgan materiallar «tarqatilishiga ataylab hissa qo‘shayotganlik»da ayblagani sabab bo‘ldi.

«Bayonnomada sanab o‘tilgan materiallar Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan va videoxosting ma’muriyati tomonidan olib tashlanmagan kontentning kichik bir qismidir. Ayni paytda 7 mingdan ortiq noqonuniy materiallar o‘chirilmaganligicha qolmoqda», - deya ma’lum qildi Roskomnadzor. Sudda Google vakili asossizlik va dalillar yo‘qligi sababli ishni tugatishni talab qildi. 

Bu Rossiyada kompaniyaga daromad miqdoriga qarab qo‘llaniladigan ikkinchi jarima hisoblanadi. 2021 yil dekabrida sud Google’ni noqonuniy kontentga kirishni cheklash tartibini takroran buzgani uchun 7,22 milliard rubl miqdorida jarimaga tortdi. 

Iyun oyi o‘rtalarida Google’ning Rossiyadagi shu’ba korxonasi - «Gugl» MChJ Moskva arbitraj sudiga o‘zini bankrot deb e’lon qilish to‘g‘risida ariza topshirdi. Kompaniya yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlarning federal reyestri orqali «2022 yil 22 martdan boshlab o‘z bankrotligini prognoz qilayotgani», pul majburiyatlari, ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash bo‘yicha da’volar, shuningdek to‘lovlar majburiyatini bajarishning mumkin emasligi haqida xabar berdi. 2021 yil oxirida «Gugl» MChJ 26 milliard rubl miqdorida sof zarar ko‘rdi. 

Mavzuga oid