Jahon | 21:07 / 19.07.2022
26078
8 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Putin Eronga keldi. Bu uning fevraldan beri sobiq ittifoq davlatlaridan tashqariga ilk safari

Rossiya prezidenti Eronga keldi - bu uning fevral oyi oxirida Ukrainaga bosqin boshlashidan buyon sobiq ittifoq mintaqasidan tashqariga qilgan ilk xorijiy tashrifi bo‘ldi. Tehron xalqaro maydonda Moskvaning kam sonli ittifoqchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Sergey Savostyanov / Reuters / Scanpix / LETA

Vladimir Putin Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi, u Eron prezidenti va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek Eron diniy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy bilan uchrashuv o‘tkazildi - bu tomonlarning o‘zaro beshinchi uchrashuvidir.

Shaxsini sir saqlashni so‘ragan turkiyalik amaldorlarga asoslangan nashrlarning yozishicha, Tehronda bug‘doy eksporti, Suriya va Ukraina masalalari muhokama etiladi.

Putin Ukrainada urush boshlangach, xalqaro tashriflarini cheklab qo‘ygandi. Iyun oyida u fevraldan buyon ilk tashrifini amalga oshirib, Tojikiston va Turkmanistonga kelgandi.

Tashrifning ilk mevalarimi?

Vladimir Putinning Tehronga tashrifi fonida Rossiyaning «Gazprom» va Eron milliy neft kompaniyasi NIOC o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi va 40 mlrd dollarlik bitim tuzildi, bu bitim ikkita gaz va oltita neft konlarini o‘zlashtirishni nazarda tutadi.

Bitim «Gazprom» raisi o‘rinbosari Vitaliy Markelov hamda NIOC rahbari Muhsin Xoystemir ishtirokidagi virtual marosimda onlayn-rejimda tuzilgan.

Rejalashtirilgan loyihalar qatoriga Kish va Shimoliy Pars gaz konlarini o‘zlashtirish, suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha avval boshlangan loyihalarni yakuniga yetkazish hamda eksport uchun gaz quvurlari qurish bo‘yicha loyihalar ham kiradi.

Eron tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda Rossiyadan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi, ammo Amerika sanksiyalari rasmiy Tehronga ularni qazib olish uchun yangi texnologiyalardan foydalanishga imkon bermaydi va gaz eksportini rivojlantirishga xalal beradi.

Qadrdon raqiblar

Stiv Rozenberg, BBC

Qo‘shni suveren davlatga bostirib kirish odatda do‘stlarni yo‘qotishga olib keladi. Va Rossiya ham Ukrainaga tajovuzi bilan bog‘liq ravishda ko‘p narsani yo‘qotdi. G‘arbda Moskvani butunlay chetga chiqarib qo‘yishdi.

Ammo Kreml xalqaro sanksiyalar dunyoning eng yirik davlati bo‘lmish Rossiyani yakkalab qo‘ya olmagani va unda hamon do‘stlar borligini namoyish etishga bel bog‘lagan. Masalan, Turkiya va Eron.

Rossiya Suriya masalasidagi mazkur uch tomonlama sammitdan unda hamon kuchli ittifoqchilar va geosiyosiy ta’sir borligini ko‘rsatish uchun foydalanmoqda.

Ammo bular «qabrgacha do‘stlar» emas. Turkiya va Eron boshqa narsalar qatori Rossiyaga raqib hamdir. Turkiya va Rossiya Suriya va Liviya masalasida qarama-qarshi tomonda turadi. Ular shuningdek, Janubiy Kavkazdagi ta’sir borasida ham raqobatlashadi. Turkiya dronlari ukrain armiyasiga yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Eron esa jahon energetika bozoridagi o‘rin uchun Rossiya bilan raqobat qiladi.

To‘g‘ri - Rossiya, Turkiya va Eronda umumiy manfaatlar bor.  Ammo ularning do‘stligi uzoq davom etishiga kafolat ham yo‘q.

«Sanksiyalarga ko‘nikkanlar»

Ekspertlarning hisoblashicha, mazkur tashrif ko‘p yillar davomida G‘arb sanksiyalari ostida qolgan va Moskvaning kam sonli ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Eron bilan aloqalarni chuqurlashtirish imkonini beradi.

Avvalroq Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov Rossiya va Eron sanksiyalarga ko‘nikkanini aytib o‘tdi. «Eron ko‘p yillardan buyon u yoki bu turdagi sanksiyalar ostida bo‘lib kelgan va Eron rivojlanish, o‘z xalqi farovonligini oshirishga yaxshi moslashgan», degan u.

Rossiya Ukrainadagi urush boshlanishi ortidan qat’iy sanksiyalarga duchor bo‘ldi. Eron ham, Turkiya ham bunday sanksiyalarga qo‘shilmagan.

Keyingi haftada G‘arb davlatlari elchilari sanksiyalarning yangi paketini tasdiqlash uchun yig‘iladi. Bu vaqtda, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Moskva va Tehron yangi davlatlararo kelishuv loyihasi ustida ishlamoqda.

Eron dronlari

Putin Eronga tashrifini Tehronning Rossiyaga yuzlab uchuvchisiz uchish qurilmalari, jumladan, jangovar maqsadlarda qo‘llanadigan dronlar yetkazib berishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar fonida amalga oshirmoqda. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Rossiya delegatsiyasi o‘tgan oyda Eronga kelib zarbdor dronlar bilan tanishgani haqida aytgandi.

«Eron hukumati Rossiyani tezkor ravishda bir necha yuztagacha uchuvchisiz uchish qurilmalari, jumladan, qurol olib yurishga qodir bo‘lgan jangovar apparatlar bilan ta’minlashga tayyorlanmoqda. Bizning ma’lumotlarimiz yana shuni ko‘rsatadiki, Eron rossiyalik harbiylarni bunday uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishga o‘rgatmoqchi», degan u.

Ko‘p o‘tmay Eron tashqi ishlar vaziri Husayn-Amir Abdulloxiyon Italiyaning La Repubblica gazetasiga bergan intervyusida uning mamlakati Ukrainada eskalatsiya keltirib chiqaruvchi har qanday harakatdan, jumladan qurol yetkazib berishdan tiyilishini ma’lum qildi. «Rossiya bilan mudofaa sohasida kelishuvlar bor, ammo biz bu mojaroning hech bir ishtirokchisiga yordam bermaymiz», degan u.

Peskov Putinning Tehronga tashrifi chog‘ida dronlar mavzusi muhokama qilinishi ehtimoli borasidagi savolga javob qaytarishdan bosh tortdi. Sallivan AQSh Rossiyaga allaqachon eronliklarning dronlari yetib borgan yoki yetib bormaganidan bexabar ekanini bildirdi.

G‘alla

«Ukraina g‘allasini eksport qilish masalasi muhokama qilinadi, bu borada faol ish olib borilmoqda», degan Rossiya prezidenti yordamchisi Ushakov.

24 fevral kuni boshlangan bosqindan keyin ukrain g‘allasi eksporti hajmi keskin qisqardi, chunki Qora dengizdagi portlar, xususan, Odessa va Mikolayivdagi portlardan chiqish yo‘li to‘silgandi, Azov dengizi sohillaridagi portlar esa Rossiya nazoratiga o‘tdi. G‘arb ekspertlari baholariga ko‘ra, Odessa va uning atrofidagi hududlarda 20 mln tonna g‘alla to‘planib qolgan, bu vaqtda esa dunyoga oziq-ovqat inqirozi tahdid solmoqda.

Shu kunlarda Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Oqar tomonlar bug‘doy tashish yo‘nalishlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qilgandi. «Umid qilamizki, g‘alla va oziq-ovqat muammosi imkon qadar tez fursatda hal qilinadi. Turkiya, RF, Ukraina va BMT vakillarining keyingi haftadagi uchrashuvida tegishli hujjat rasmiylashtirilishi mumkin», degandi u. Bunday uchrashuvlarning birinchisi 13 iyul kuni Istanbulda o‘tkazildi.

Shaxsi sir qolishi sharti bilan BBC muxbiriga intervyu bergan g‘arblik amaldorlar muzokaralar «ishbilarmonlik ruhida» o‘tgani, ammo qarorni Putinning Erdo‘g‘an bilan Tehronda uchrashuvi bo‘ladigan 19 iyuldan oldin kutmaslik kerakligini aytgan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an avvalroq o‘tkazilgan telefon muloqotida Putinning eksportni ochib yuborishga roziligini olishga umid qilgandi, ammo aftidan Putin bu qarorni o‘zi qabul qilib, bu haqda o‘zi e’lon qilmoqchi bo‘lmoqda.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid