Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropada ekstremal issiq va kuchli o‘rmon yong‘inlari. Yuzlab kishilar halok bo‘lmoqda
Ispaniyada havo harorati 45 darajadan, Portugaliyada 47 darajadan oshgan.
Iyul oyida Yevropa mamlakatlarida anomal issiqlik qayd etilmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati 40 darajadan oshib ketgan. Ispaniya, Portugaliya, Fransiya va boshqa mamlakatlarda o‘rmon yong‘inlari boshlangan — hukumat yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan hududlardan minglab kishilarni ko‘chirgan. Issiq harorat tufayli yuzlab kishilar vafot etmoqda, Yevroittifoqning ko‘plab mamlakatlari favqulodda holat rejimi joriy etgan. Ekspertlar bo‘layotgan hodisalarni iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘lashmoqda.
Ispaniya
Ispaniyaning ayrim hududlarida havo harorati 45 darajaga yetgan. Karlos III nomidagi Salomatlik instituti 10 iyuldan 15 iyulga qadar issiq tufayli 360 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. El Pais gazetasi yozishicha, 17 iyul kuni Ispaniyada 36 yong‘in qayd etildi, shundan 24 yong‘in faol tarqalgan. Yong‘inlar oqibatida jami 20 ming gektardan ortiq maydon yakson bo‘lgan, ikki mingdan ortiq kishi yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan hududlardan evakuatsiya qilingan. Bu Ispaniyada ekstremal issiqlarning ikkinchi to‘lqinidir — avvalgisi iyun oyi o‘rtalarida kuzatilgan. O‘shanda havo harorati 40 darajadan oshib, 800 dan ortiq kishi vafot etgandi.
Portugaliya
Portugaliyada havo harorati 47 darajadan oshgan. 16 iyul kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi yetti kunda issiq tufayli 659 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. Mamlakatning shimoliy va markaziy qismlarida kuchli yong‘inlar davom etmoqda. 17 iyul kuni The Guardian gazeta faol yong‘in o‘choqlari soni 20 dan 11 taga tushirilganini xabar qildi. Yil boshidan iyun oyi o‘rtalariga qadar tabiiy yong‘inlar tufayli 40 ming gektar o‘rmon hududi jabrlangan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobar ko‘proqdir. Iyun oyi oxirida Meteorologiya milliy instituti Portugaliyaning qit’adagi hududining 96 foizlik qismida kuchli qurg‘oqchilik qayd etilayotganini ma’lum qilgandi.
Fransiya
Fransiyada 51 departament (ular dengiz ortidagi hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda jami 101 ta) anomal issiq tufayli xavfning «to‘q sariq» darajasini e’lon qilgan. Yana 15 departament xavf darajasini maksimal ko‘targan — «qizil» daraja, bu hududlarda havo harorati 42 darajaga yetishi mumkin. Jironda departamentida o‘t o‘chiruvchilar bir necha kundan buyon kuchli yong‘inlarga qarshi kurashmoqda, BFMTV telekanali xabariga ko‘ra, 18 iyul holatiga yong‘in hududlari maydoni 14 ming gektarni tashkil etgan. O‘t o‘chirish ishlariga 1700 kishi va to‘qqiz samolyot jalb etilgan. 16 mingdan ortiq kishi, jumladan sayyohlar ham xavfli hududlardan ko‘chirilgan.
Buyuk Britaniya
Buyuk Britaniya hukumati 15 iyul kuni mamlakat hududida issiq havo tufayli xavfning eng yuqori darajasini e’lon qildi. Meteorologlar ogohlantirishicha, ayrim hududlarda havo harorati 41 darajaga chiqishi mumkin, bu 2019 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi, uch yil oldin Kembrijda 38,7 daraja issiq qayd etilgandi. Hukumat jazirama vaqtida xavfsizlik qoidalariga rioya etish bo‘yicha ma’lumot tarqatmoqda, temiryo‘l kompaniyalari odamlarni bu kunlarda safarlarga chiqishdan tiyilishga chaqirmoqda. Kompaniyalar poyezd reyslarining bir qismi bekor qilinganini ma’lum qilgan. Mamlakatning ayrim hududlarida yo‘llarda zichlik yumshab ketmasligi uchun mayda toshlar sepib chiqilgan, Hammersmit ko‘prigi konstruksiyasi qizib ketmasligi uchun folga bilan o‘rab qo‘yilgan. Buyuk Britaniyadagi ko‘plab maktablar issiq kunlarda yopilgan, ayrim shifoxonalar bu kunlarda rejalashtirilgan qabullar va jarrohlik amaliyotlarini kechiktirgan. Shuningdek, mamlakatda qator ommaviy tadbirlar bekor qilingan.
Yevropaning boshqa mamlakatlari
Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham rekord darajadagi harorat va ko‘p sonli o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda. 17 iyul kuni Gretsiya yong‘in o‘chirish xizmati press-relizida aytilishicha, mamlakat hududida 24 soat ichida 51 nuqtada yong‘in chiqqan. Xorvatiyada Shibenik shahri yaqinida yong‘inlar boshlangan, eng murakkab vaziyat Zaton qishlog‘i hududida yuzaga kelgan, bu yerda 20 uy yonib ketgan, mahalliy aholi evakuatsiya qilingan. Sky News xabar qilishicha, Italiyada ham yong‘inlar boshlangan. Ushbu mamlakatda havo harorati yaqin vaqt ichida 40 darajadan oshishi kutilmoqda. Italiya shimolida — so‘nggi 70 yillikdagi eng jiddiy qurg‘oqchilik yuzaga kelgan.
Mavzuga oid
10:08
Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
08:50 / 08.06.2026
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
08:44 / 08.06.2026