Sport | 20:58 / 20.07.2022
15385
2 daqiqa o‘qiladi

Magnus Karlsen shaxmat bo‘yicha jahon chempionligini himoya qilishdan voz kechdi

Karlsen o‘zida jahon chempionligi uchun yana bir bor bahslashishga hech qanday qiziqish yo‘qligini aytdi. 

Magnus Karlsen / Foto: FIDE

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsen o‘z unvonini navbatdagi marta himoya qilishdan voz kechdi. 

Uning raqibi o‘tgan safargidek, da’vogarlar bahsida g‘olib chiqqan rossiyalik Yan Nepomnyashchiy bo‘lishi kerak edi. Endi jahon chempioni unvoni uchun Nepomnyashchiy va da’vogarlar bahsida ikkinchi o‘rinni egallagan xitoylik Din Lijen kurashadi. 

Karlsen o‘zida jahon chempionligi uchun yana bir bor bahslashishga hech qanday qiziqish yo‘qligini aytdi. Shaxmatchining so‘zlariga ko‘ra, u bu qaror borasida bir yarim yil fikr qilgan va buni Xalqaro shaxmat federatsiyasi hamda Nepomnyashchiy bilan muhokama qilgan. 

Karlsen avval ham jahon chempioni unvoni uchun navbatdagi bahsda qatnashishdan voz kechishini aytgandi. U kelib chiqishi eronlik bo‘lgan fransiyalik shaxmatchi Alirizo Firuzja raqib bo‘lsagina bahslashishi mumkinligini aytgandi. 

Magnus Karlsen 2013 yilda jahon chempioniga aylangan. U bu unvonni 2014, 2016, 2018 va 2021 yillarda himoya qilgandi. Oxirgi marta uning raqibi Yan Nepomnyashchiy bo‘lgandi.

Din Lijen rossiyalik Sergey Karyakin Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlashini bildirganidan so‘ng 2022 yildagi da’vogarlar musobaqasi qatnashchisiga aylangandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid