Jahon | 08:37 / 20.07.2022
3584
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Oliy sudi jurnalist Saidqozi Matayev va uning o‘g‘lini oqladi

Qozog‘iston Oliy sudi mamlakat Jurnalistlar uyushmasi raisi Saidqozi Matayev va uning o‘g‘li Aset Matayevni oqladi. 2016 yilda ular davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblangan.

Saidqozi Matayev va o‘g‘li Aset Matayev

Qozog‘iston Oliy sudi mamlakat Jurnalistlar uyushmasi (QJU) raisi Saidqozi Matayev va uning o‘g‘li, KazTAG xususiy axborot agentligi bosh direktori Aset Matayevni oqladi. Bu haqda 19 iyul, seshanba kuni KazTAG agentligi xabar berdi. 2016 yil oktyabr oyida Ostona sudi Saidqozini firibgarlik va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun mol-mulkini musodara qilish bilan olti yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Xuddi shu sud qarori bilan Aset firibgarlik uchun mol-mulki musodara qilingan holda besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. 

Endilikda Oliy sud hukmni bekor qilish va Matayevlarni «jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli» to‘liq reabilitatsiya qilishga qaror qildi. Oliy sud sudyasi hukmni e’lon qilar ekan, ota va o‘g‘il ustidan chiqarilgan noqonuniy hukm uchun davlat nomidan uzr so‘radi va Matayevlar ularga yetkazilgan zararni qoplash huquqiga ega ekanligini ta’kidladi. 

5 iyul kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Matayevlarga nisbatan chiqarilgan adolatsiz hukm yuzasidan protest keltirdi. 19 iyul kuni Aset Matayev Bosh prokuratura xodimlariga ishga «xolis yondashgani» uchun minnatdorchilik bildirib, Oliy suddan adolatli qaror chiqarishni so‘radi. 

Saidqozi Matayev 2016 yilning 22 fevralida Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi tomonidan hibsga olingan edi. Jurnalist 2011-2015 yillarda Qozog‘iston Respublikasi Axborotlashtirish qo‘mitasi va «Qozoqtelekom» tomonidan Qozog‘iston davlat siyosatini tushuntirish kampaniyasini o‘tkazish uchun mavzuga oid materiallarni matbuotda joylashtirishga ajratilgan 300 million tengeni (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha taxminan 1,5 million yevro) o‘g‘irlanganlikda ayblangan. 28 mart kuni uning o‘g‘li ham xuddi shu ish bo‘yicha hibsga olingan. 

Saidqozi Matayev Qozog‘istondagi eng obro‘li mustaqil jurnalistlardan biri sanaladi. Qozog‘iston jurnalistlari va huquq himoyachilari Matayevni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘mita tuzdilar va QJUning mintaqaviy bo‘limlari rahbarlari prezident Nursulton Nazarboyevga ochiq xat bilan murojaat qilishdi. Bu ish xalqaro shov-shuvga sabab bo‘ldi: 2016 yilning 8 martida Yevroparlament Qozog‘istondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi rezolyutsiyasida Saidqozi Matayevning hibsga olinganini tilga oldi. 

2016 yilning dekabrida Ostona apellyatsiya sudi Matayevlarning jazosini qisman yengillashtirdi: ular uchun davlat va tijorat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarini egallashga berilgan umrbod taqiq 10 yilga almashtirildi. 2017 yil aprel oyida Saidqozining muddati amnistiya bilan ikki yil-u sakkiz oyga qisqartirildi, o‘sha yilning dekabr oyida u ozodlikka chiqdi. 2018 yil iyun oyida u yana Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi rahbari etib saylandi. 

2016 yilda sudda so‘nggi so‘zini aytib, Saidqozi Matayev o‘zi va o‘g‘li o‘sha paytdagi majlis (parlament quyi palatasi) spikeri Nurlan Nigmatulin buyrug‘i bilan ta’qib qilinayotganini aytdi. Matayev Nigmatulinni uning mediaresurslarini bosqinchilik yo‘li bilan tortib olishga uringanlikda aybladi. 

Qozog‘istonda 2022 yil yanvarida tartibsizliklar va qon to‘kilishiga aylangan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng sobiq prezident Nursulton Nazarboyev mamlakat rahbariyatining siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. U bilan birga uning yaqin safdoshlari ham o‘z lavozimlarini yo‘qotdilar, jumladan, Nigmatulin ham 1 fevral kuni parlament rahbari lavozimini to‘xtatdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid