O‘zbekiston | 21:06 / 22.07.2022
72861
11 daqiqa o‘qiladi

1900 so‘mdan 2850 so‘mgacha. Metan qimmatligi bilan nega hech kimning ishi yo‘q?

Kun.uz AGTKSlarga 1000 so‘mdan tarqatilayotgan metan gaz respublika bo‘ylab qanchadan sotilayotganini aniqladi. Tadbirkor “zapravkachi”lar 1 kub metr gazni ustiga 1800 so‘mgacha qo‘yib pullamoqdalar.

Xalqimizda “ketmonni dehqon chopadi, huzurini savdogar ko‘radi” degan naql bor. Ayni kunlarda mamlakatdagi “gaz-zapravka”larda metan gazni sotish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarni shu naqldagi savdogar desak bo‘ladi. Bunda dehqon rolini davlat bajarmoqda. Gap nima haqida ketayotgani haqida maqolamiz davomida bilib olasiz.

Oshgan narx tushmaydi

Shu yilning 15 iyulidan yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxining oshirilishi e’lon qilinishi ortidan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida metan narxi 3000−3100 so‘mgacha oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Energoresurslar narxi oshishi ko‘zda tutilgan hukumat qarori ijrosi kechiktirilgach avtomobillarga sotilayotgan gaz narxi o‘zgarishsiz qolgandi.

Biroq shunga qaramay O‘zbekistonda eng ommabop avtomobil yoqilg‘isi hisoblanadigan metangaz respublika miqyosida bir xilda yoki arzon sotilyapti deb bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, hududlarning uzoq-yaqinligiga qarab logistika xarajatlari turlicha bo‘lishi turgan gap. Biroq surishtiruvimiz territorial jihatdan yonma-yon, logistika jihatdan bir-biridan u qadar uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan viloyatlarda sotilayotgan metan narxining keskin farq qilishi muammo sababini boshqa joydan izlash kerakligini ko‘rsatmoqda.

Eng qimmat metan Namanganda

Andijon shahridagi gaz quyish shoxobchasida metan gaz narxi. Foto: Kun.uz

So‘zimiz quruq bo‘lmasin, hududlar misolida vaziyatni tahlil qilib ko‘rsak. Kun.uz muxbirlari to‘plagan hamda Facebook'da o‘tkazilgan so‘rovda qatnashgan internet foydalanuvchilari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, eng arzon metan gaz Andijonda sotilmoqda. Viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanida 1 m³ metan gaz 1900 so‘mdan, Andijon tumanidagi gaz quyish shoxobchalaridan birida esa 1990 so‘mdan, boshqa ayrim “zapravka”larda 2200 so‘mdan sotilmoqda.

Viloyatda metan gazning o‘rtacha narxi 2300 so‘mni tashkil etadi. Andijon shahri, Asaka, Oltinko‘l tumanlaridagi aksariyat “zapravka”larda shu narxda gaz quydira olasiz. Viloyat markazidagi ayrim gaz quyish shoxobchalarida metan 2500 so‘mgacha sotilmoqda. Eng qimmat narx Baliqchi (2700-2800 so‘mdan) va Paxtaobod (2800 so‘m) tumanlarida qayd etildi.

Andijon shahridagi gaz quyish shoxobchasida metan gaz narxi. Foto: Kun.uz

Ko‘rib turganingizdek, narxlar rang-barang. Aslida haqiqiy raqobat bor joyda ana shunday bo‘lishi, qiymat talab va taklifdan kelib chiqib belgilanishi kerak. Biroq afsuski, Namangan viloyatining aksariyat tuman va shaharlarida metan bir xil narxda – 2800 so‘mdan sotilmoqda.

Namangan shahrida joylashgan, metan gazni 2800 so‘mdan sotayotgan “zapravka”. Foto: Kun.uz

Chust, Uchqo‘rg‘on, Chortoq, Pop, Namangan tumani va shahrida yashovchi yurtdoshlarimizning aytishicha, “zapravka”lardan metan gazni 2800 so‘mdan kamiga topish mushkul. Faqat Chortoq tumanidagi ikkita shoxobchada metan 2600 so‘mdan, Namangan shahridagi bitta nuqtada 2700 so‘mdan sotilayotgani aytilmoqda.

Namangan shahridagi gaz quyish shoxobchasida metan gaz narxi. Foto: Kun.uz

“Aynan shu Namangan viloyati bo‘yicha narxni nazorat qiladigan tashkilot yo‘q shekilli. BeZ bo‘lib 2800 so‘mdan sotaverishadi. Yoki shu narxni nazorat qiladigan tashkilotga qanaqadir manfaatlar bor?”, deb yozadi chustlik Muzaffar Madaminov.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, Namangandagi AGTKSlarda narx viloyat rahbarlaridan biriga qarindoshligi aytiladigan “qudrat”li shaxsning nazoratida shakllantiriladi. Shu sababli narxlar qariyb butun viloyat bo‘yicha bir xilda belgilangan va iste’molchilarda tanlov imkoniyati deyarli yo‘q.

Farg‘ona shahrida joylashgan metan gaz quyish shoxobchasi. Foto: Kun.uz

Metan Farg‘ona–Vodil yo‘lida 2300 so‘m, Bag‘dod, Dang‘ara tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida 2400 so‘mdan sotilmoqda. Shu bilan birga, Qo‘qonda ushbu yoqilg‘ini 2500, Farg‘onada 2800 so‘mgacha sotayotgan stansiyalar bor. Respondentlarga ko‘ra, metan Marg‘ilonda 2600-2800, Buvaydada 2700, Yozyovonda 2700-2800 so‘mgacha sotilyapti.

Agar Namanganda metan gaz narxi yuqoriligi logistika va boshqa xarajatlar bilan bog‘liq bo‘lsa, bu vodiydagi viloyatlarga ham ta’sir qilishi kerak edi, nazarimizda. Chunki ular o‘rtasidagi masofa u qadar katta emas, vodiydagi bir viloyatdan ikkinchisiga borish uchun minglab kilometr yo‘l yurilmaydi.

Farg‘ona shahridagi gaz quyish shoxobchasida metan gaz narxi. Foto: Kun.uz

“Shoxobchalarga 1000 so‘mdan tarqatiladi”

“O‘ztransgaz” hamda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlarining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, respublika miqyosida 1200 dan ziyod gaz quyish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Ular gazni “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” kompaniyalaridan sotib olishadi.

“Shundan qariyb 350 tasiga tabiiy gazni “O‘ztransgaz” AJ yetkazib beradi. Qolganini “Hududgazta’minot” AJ yetkazib beradi. Misol uchun, Toshkent shahrida “O‘ztransgaz” AJga tegishli birorta ham “zapravka” yo‘q. Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan gaz tariflari bo‘yicha “O‘ztransgaz” O‘zbekistonning barcha hududlaridagi o‘zi tabiiy gaz yetkazib beruvchi shoxobchalarga ming so‘mdan, ya’ni bir xil narxda sotadi”, – deyiladi kompaniya matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda.

“Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati ham o‘zi gaz yetkazib beradigan “zapravka”larga gazning 1 kubometrini 1000 so‘mdan sotishini, mahsulot butun respublika bo‘yicha bir xil narxda yetkazib berilishini tasdiqladi.

Samarqanddagi “zapravka”da metan-gaz narxi

Tasavvur qiling, 1000 so‘mdan sotib olinayotgan gaz Qo‘rg‘ontepa va Andijon tumanlarida 1900 so‘mdan, Namanganning aksariyat hududida 2800 so‘mdan sotilmoqda. Kimdir transport va boshqa xarajatlari bilan birga har kubometr gaz ustiga 900 so‘m qo‘yib sotayotgan va bundan qanoat hosil qilayotgan bo‘lsa, besh qo‘lini og‘ziga tiqishga odatlangan kimlardir qariyb ikki barobar foydada.

Xo‘sh, respublika iste’molchilarini tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlash, shuningdek transportirovka qilish, tranzit va eksport qilishga mas’ul bo‘lgan “O‘ztransgaz” hamda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari metan narxidagi bunday katta tafovutning oldini olishga, tadbirkorlarni insofga chaqirib qo‘yishga vakolatlimi? Afsuski, yo‘q.

Har ikki kompaniya avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari tadbirkorlik sub’yekti hisoblangani uchun ularning chakana narxni shakllantirishiga aralasha olmasligi, gaz narxini har bir stansiya o‘zi belgilashini bildirdi. “O‘ztransgaz” AJ matbuot xizmati bugungi kunda kompaniya tabiiy gaz yetkazib beruvchi shoxobchalarda 1 m³ metan gaz 2300-2500 so‘mdan sotilayotganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Energetika vazirligi ham hech bir davlat tashkiloti gaz zapravkalar faoliyatiga ta’sir ko‘rsata olmasligini ma’lum qilgandi.

O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi narxlar

Surishtiruvlarimiz eng arzon metan gaz Andijon viloyatining ikki tumanida sotilayotganini ko‘rsatgani haqida yuqorida to‘xtaldik. Eng qimmat narx esa Toshkent shahrida qayd etildi – 2850 so‘m. Biroq ushbu yoqilg‘i respublika bo‘yicha eng qimmat sotilayotgan joy ekanini anglatmaydi. Chunki Namangandagidan (2800 so‘m) farqli o‘laroq Toshkentda 2500, 2600, 2700 so‘mga ham gaz quydirish mumkin.

Respublika bo‘yicha metan gaz narxi (onlayn-so‘rov ma’lumotlari asosida). Foto: Kun.uz

Onlayn-so‘rovda ishtirok etgan respondentlar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, metan Toshkent viloyatida 2300-2800, Jizzaxda 2400, Sirdaryoda 2400-2500, Samarqandda 2400-2700, Surxondaryoda 2400-2700, Navoiyda 2400-2600, Xorazmda 2400-2700, Qoraqalpog‘istonda 2500, Buxoroda 2600, Qashqadaryoda 2700 so‘mdan sotilmoqda.

To‘g‘ri, avtomobillarga quyilayotgan gazning bosimi va sifati ham turlicha. Buni haydovchilarning o‘zlari ham ta’kidlab turibdi. Bu endi alohida mavzu. Mavridi kelganda, bunga ham to‘xtalamiz.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, o‘zi shundog‘am avtomobil monopoliyasi, ishsizlikdan yelkasi yag‘ir bo‘lib ketgan, davlatga boqimanda bo‘lmay o‘zining mashinasi ortidan ro‘zg‘or tebratayotgan oddiy odamlarning dardini kimdir tinglashi, manfaatlarini himoya qilishi kerak.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida narxlar erkin shakllantirilishi, tadbirkorlarning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak, albatta. Ammo shunga yarasha halol raqobat ham ta’minlanishi, bir nechta shoxobchalar oxiri borib bir kishiga taqalishi yoki bir necha tadbirkor o‘zaro til biriktirgan holda narxni sun’iy ko‘tarishga kelishishi kabilarning oldi olinishi shart.

Amalda esa butun bir viloyatdagi AGTKSlar qaysidir amaldor (yoki uning qarindoshi) tomonidan egallab olingani, narxlarni bozor emas, ko‘rinmas qo‘llar belgilayotgani, “olsang shu, olmasang katta ko‘cha” qabilida ish tutilayotgani davlatning tiyib turuvchi kuchlari, xususan aksilmonopol va aksilkorrupsion organlar e’tiboridan chetda qolmoqda.

Yuksak minbarlardan qayta-qayta yangrayotgan “Inson qadri uchun” iborasining ijrosi mana shu xalqning haqini tuya qilayotgan sohalarda ham o‘z ifodasini topishi lozim emasmi? Bu yozganlarimiz ko‘p ming sonli o‘zbekistonliklarning tashvishiga befarq bo‘lmagan birorta mutasaddiga yetib boradi, deb umid qilib qolamiz.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid