Jahon | 17:55 / 22.07.2022
4417
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh kongressi Trampni Kapitoliyga hujum vaqtida atayin harakat qilmaganlikda aybladi

Donald Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchragach, hokimiyatda qolish uchun qonunbuzarlik va korrupsiya yo‘lidan bordi, deya ma’lum qildi Kapitoliyga hujumni tergov qilish bo‘yicha parlament komissiyasi rahbari.

Foto: Getty Images

AQSh kongressi vakillar palatasining Kapitoliyga hujumni tergov qilish komissiyasi o‘sha paytdagi davlat rahbari Donald Trampni atayin harakat qilmaganlikda aybladi. Komissiya raisi Benni Tompsonning 22 iyul, payshanba kuni kechqurun komissiya ochiq eshituvida ma’lum qilishicha, lavozimidan ketayotgan prezident bir necha soat davomida o‘z tarafdorlari tomonidan sodir etilgan zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun ataylab chora ko‘rmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp hokimiyatda qolish uchun «qonunsizlik va korrupsiya yo‘lidan» borgan. Demokratiyani himoya qilish uchun 2021 yil 6 yanvarda yuz bergan hodisaning «aybdorlari uchun kuchli oqibatlar» zarur, deya talab qo‘ydi Tompson.

Demokratning ta’kidlashicha, 2020 yilgi prezidentlik kampaniyasi davomida Donald Tramp ovoz berish natijalarini bekor qilish uchun «qo‘lidan kelgan barcha ishni qilgan». «U yolg‘on gapirgan, qo‘rqitgan, qasamiga xiyonat qilgan. Demokratik institutlarimizni yo‘q qilishga uringan», - deya ta’kidladi kongressmen. Endi, uning so‘zlariga ko‘ra, «qonun oldida, Amerika xalqi oldida javob berish» kerak.

O‘z navbatida, respublikachi kongressmen Adam Kinzingerning ma’lum qilishicha, Kapitoliyga hujum yuz bergan kuni Tramp uch soat davomida o‘z tarafdorlarini tartibni saqlashga chaqirishdan bosh tortgan va shu bilan qasamyodni buzgan. Trampning partiya ichidagi tanqidchisi bo‘lgan siyosatchi shunday dedi: «Oshxonadagi qulay sharoitda hujum avj olayotgan paytda u televizor ko‘rayotgan edi». Uning so‘zlariga ko‘ra, aralashmaslik o‘sha paytdagi prezidentning xatosi emas, balki ongli qarori bo‘lgan. Uning tajovuzkor tarafdorlari bo‘lgan olomon Kongressda prezidentlik saylovlari natijalari va Jo Baydenning g‘alabasini tan olishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan jarayonni to‘xtatib qo‘ygan, shu bilan Tramp o‘z maqsadiga erishgan, deya qo‘shimcha qildi Kinzinger.

2021 yil 6 yanvarda Vashingtondagi mitingda nutq so‘zlaganidan so‘ng AQSh prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Trampning radikal tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirishdi, u yerda senat va vakillar palatasi qo‘shma yig‘ilishi ishtirokchilari ovoz berish natijalarini ma’qullayotgan bo‘lgan. Namoyishchilar binoga bostirib kirishga muvaffaq bo‘lgan, kongressdagi munozaralar bir necha soatga to‘xtatilgan, qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilingan. 

Tartibsizliklar ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashgan, politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llash bilan javob bergan. Milliy gvardiya Vashingtonga yetib kelgan. To‘qnashuvlar davomida besh kishi halok bo‘ldi, ulardan biri politsiyachi. Rasmiylar bir necha soatdan keyin yana kongress binosini nazoratga oldi. Keyingi haftalarda yana ikki politsiyachi o‘z joniga qasd qildi. Tartibsizliklardan keyin 50 ga yaqin odam qo‘lga olindi, ularning bir nechasiga ayblov e’lon qilindi. 

Kapitoliyga hujumdan keyin AQSh kongressi vakillar palatasi komissiyasi Trampning o‘sha davrdagi voqealardagi rolini aniqlash uchun 140 mingdan ortiq hujjatlarni o‘rganib chiqdi va mingdan ortiq guvohlar bilan suhbatlashdi. Iyun oyi boshidagi birinchi yig‘ilishida komissiya Vashingtondagi tartibsizliklar uchun birinchi navbatda Trampni javobgar deb hisobladi. «6 yanvar kungi davlat to‘ntarishiga urinish, hukumatni ag‘darishga bo‘lgan shafqatsiz harakatning avj nuqtasi bo‘ldi. Zo‘ravonlik tasodif emas edi. Bu Trampning so‘nggi urinishi edi», - dedi Benni Tompson. Sakkizinchi yig‘ilishdan so‘ng komissiya ishida tanaffus e’lon qilindi, sentabr oyida yangi eshituvlar o‘tkaziladi. Trampning o‘zi aybini tan olmadi va 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun yana o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid