Jahon | 17:55 / 23.07.2022
37694
5 daqiqa o‘qiladi

Istanbul kelishuvidan 24 soatdan kamroq vaqt o‘tib Odessa portiga raketa zarbalari berildi

Zarbalar Istanbulda Qora dengizdagi uchta portni ochib qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzolangan kunning ertasiga amalga oshirildi. BMT, YeI, Germaniya va AQSh dengizdagi markazning o‘qqa tutilishini qoraladi.

Foto: Associated Press/Nina Lyashonok

Rossiya qo‘shinlari Odessa portiga raketa zarbalari berdi, deya ma’lum qildi Ukrainaning «Yug» operativ qo‘mondonligi. Qo‘mondonlik hujumda «Kalibr» turidagi qanotli raketalar qo‘llanganini bildirgan.

«Ikkita raketa havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirildi, ikkitasi port infratuzilmasi obektlariga tegdi», – deyiladi xabarda.

Ukraina TIV rasmiy vakili Oleg Nikolenkoning bildirishicha, zarbalar Istanbulda Qora dengiz portlaridan Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha kelishuv tuzilganidan bir kun o‘tmasdan amalga oshirildi, shu sababli Moskva bu kelishuvlar va va’dalarni shubha ostiga qo‘ydi. «Rossiya raketasi – Vladimir Putinning kelishuvga erishish uchun katta sa’y-harakatlar qilgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yuziga tupurishi», deb yozdi u Facebook'da.

TIV vakili Ukraina Istanbulda erishilgan kelishuvlarni qat’iy bajarishga chaqirishini ta’kidladi. Agar ularga rioya qilinmasa, «Rossiya global oziq-ovqat inqirozining chuqurlashishi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi», deb qo‘shimcha qildi u.

Odessa dengiz porti hududidagi portlash va yong‘inlar haqida mahalliy Telegram-kanallar ham xabar bermoqda. Deputat Oleksiy Goncharenko ham shahar osmonidagi havo jangi haqida xabar berdi. Avvalroq shaharda ogohlantirish signali e’lon qilingan edi.

Rossiya tomonidan hozircha bu hujum yuzasidan rasmiy munosabat bo‘lmadi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Odessadagi portning o‘qqa tutilishini «qat’iy» qoraladi va RF, Ukraina hamda Turkiyani Ukraina doni va boshqa mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvga rioya qilishga chaqirdi.

Yevroittifoq ham buni qoralab chiqdi. «Istanbul kelishuvlari imzolanganidan bir kun o‘tib don eksporti uchun asosiy bo‘lgan joyga zarba berish ayniqsa qoralanadi va Rossiyaning xalqaro huquq hamda majburiyatlarga to‘liq e’tibor bermasligini yana bir bor ko‘rsatadi», – deya qayd etdi Yevroittifoqning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham mazkur hujumni keskin qoraladi. «Odessa portiga qo‘rqoqlarcha qilingan raketa hujumlari Rossiya rahbariyatining imzosi hozir umuman muhim narsa emasligini ko‘rsatmoqda», – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, «hujum Ukraina doni eksporti uchun muqobil yo‘llar ustida qattiq ishlashni davom ettirish kerakligini ko‘rsatadi». 

Shu bilan birga, portning o‘qqa tutilishi haqidagi xabarlar nuqtayi nazaridan Germaniya Bundestagi RF prezidentiga ishonmaslikka chaqirdi. «Putinga ishonib bo‘lmaydi. Don bo‘yicha kelishuv imzolangan kunning ertasiga u Odessa portiga hujum qildi», – dedi Bundestag raisi o‘rinbosari Katrin Gyoring-Ekkardt RND guruhi nashrlariga.

AQShning Kiyevdagi elchisi Brijit Brink Odessaga qilingan hujumni nomaqbul deb atadi va Rossiyani javobgarlikka tortishga chaqirdi. «Kreml oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishda davom etmoqda», deb yozdi diplomat Twitter'da.

Bir kun avval, 22 iyul kuni Rossiya va Ukraina dengiz portlarida urush boshlanganidan beri to‘sib qo‘yilgan millionlab tonna Ukraina g‘allasini eksport qilish muammosini hal qilish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Marosim Istanbulda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish vositachiligida, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida o‘tkazildi. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv birgalikda tuzilmadi, aksincha, tomonlarning har biri Turkiya va BMT bilan alohida hujjat imzoladi.

Bitim Odessa, Chernomorsk va Yujniy portlarining oziq-ovqat kemalari uchun ochib qo‘yilishini nazarda tutadi, ulardan yaqin haftalarda Ukraina oziq-ovqatlari eksportini qayta tiklash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Turkiyada barcha tomonlar vakillaridan iborat inspeksiya guruhlari tuziladi, ular yuklar va Ukraina portlariga ketayotgan yoki undan chiqib ketayotgan kemalar ekipajlarini tekshiradi.

BMT rahbari hujjatning imzolanishini «Qora dengizdagi umid chirog‘i» deb atagan edi.

Mavzuga oid