Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya 2023 yilda Odessani egallashga harakat qilib ko‘radi - OAV
Yevropa va Amerika rasmiylari Odessa Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaning yangi nishoniga aylanishidan xavotirda. Ularning fikricha, Kiyevga muvaffaqiyatli mudofaa uchun ko‘proq qurol va mutaxassislar kerak.
2023 yil boshida Rossiya Odessa va mamlakatning janubi-g‘arbiy sohillarini egallab olish hamda uni Qora dengizdan uzib qo‘yish maqsadida Ukrainaga qarshi yangi yirik hujumni boshlashi mumkin, deb xabar berdi 22 iyul, juma kuni Amerikaning Foreign Policy jurnali to‘rt nafar amaldagi va sobiq Amerika hamda Yevropa rasmiylariga tayanib.
«Keyingi yil ukrainaliklar Rossiyaning yana bir jiddiy hujumiga duch kelishi mumkin, - dedi yevropalik amaldor ismini oshkor qilmaslik sharti bilan nashrga bergan intervyusida. - Biz ularga nafaqat qurol, balki yangi va yaxshi tayyorlangan harbiylarni ham berish uchun hamma narsani qilishimiz kerak».
Odessa Ukraina don eksporti uchun muhim tranzit markazi hisoblanadi. Agar ruslar portni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lsa, bu Ukrainaning harbiy yutuqlariga falokatli zarba beradi, Moskvaga esa dunyo bo‘ylab oziq-ovqat ta’minotini yanada ko‘proq nazorat qilish imkonini yaratadi, deya ta’kidlagan nashr. Ammo Ukrainaning qat’iy qarshilik ko‘rsatishi G‘arb yordami va Moskva noto‘g‘ri qadamlari bilan birgalikda rus qo‘shinlarining Odessani qo‘lga kiritish bo‘yicha harakatlarini, hatto bu urush keyingi bosqichida ustuvor vazifaga aylangan taqdirda ham, muvaffaqiyatsizlikka olib keladi.
AQSh Mudofaa vazirligining sobiq xodimi Jim Taunsend fikricha, sharqdagi janglar va janubda Ukraina mudofaa chizig‘ining mustahkamlanishi fonida «ruslar uchun Odessaga kirib borish qiyin bo‘ladi, ayniqsa ukrainaliklarga Rossiya flotini to‘xtatishiga yordam beradigan g‘arb mudofaa tizimlari tufayli».
Hozir Moskvaning asosiy e’tibori Donbassga qaratilgan. Biroq, g‘arb rasmiylarining aytishicha, Kreml urushning keyingi bosqichida Odessaga katta strategik nishon sifatida qaraydi. Agar Rossiya Ukraina janubi-g‘arbiy qismining bir qismini egallab olishga muvaffaq bo‘lsa, bu Ukraina uchun «strategik falokat» bo‘ladi, deya ogohlantirmoqda rasmiylar.
Mavzuga oid
09:32
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026