Jahon | 20:53 / 25.07.2022
21494
6 daqiqa o‘qiladi

Investorlar forumi, 13 ta kelishuv va Umra ziyorati –To‘qayevning Saudiya Arabistoniga tashrifi tafsilotlari

23-24 iyul kunlari Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev qirollik taklifiga binoan Saudiya Arabistonida bo‘lib, shahzoda Muhammad bin Salmon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, Qozog‘iston delegatsiyasi saudiyalik tadbirkorlar bilan kelishuvlar imzoladi hamda Umra ziyoratini amalga oshirdi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Dastlab Qasr as-Salom saroyida To‘qayev va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston prezidenti Saudiya qirolligi ular uchun muhim strategik hamkor bo‘lishi bilan birga, ushbu tashrif o‘zi uchun ham alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

«Ayni vaqtda Saudiya-Qozog‘iston munosabatlari oliy darajada. Biz ushbu munosabatlarga yangi kuch berishni xohlaymiz. Bu qaror umumiy manfaatlarimizga xizmat qiladi», — deya ta’kidlagan To‘qayev.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy munosabatlar va investitsion hamkorlik muhokama qilingan. Rasmiy Nur-Sulton arab investorlari uchun turli sohalarda maxsus imkoniyat va imtiyozlar va’da qilgan.

Muhammad bin Salmon esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshi darajada deya baholagan. Shahzoda savdo aylanmasi hajmini oshirishda Saudiya Arabistoni va qozog‘istonlik tadbirkorlar ishtirokidagi Kengash muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Shuningdek, MBS Saudiya kompaniyalari Qozog‘iston qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lishini, bu esa o‘z navbatida jahonda yuz berayotgan oziq-ovqat mahsulotlari inqirozi fonida dolzarb ekanini aytgan.

Ma’lum qilinishicha, To‘qayev Muhammad bin Salmonni javob tariqasida Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif qilgan.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu tashrif Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulazizning taklifiga binoan amalga oshirilgan.

Bugun, shuningdek Saudiya rasmiy axborot agentligida rasmiy tashrif yakunlariga bag‘ishlangan Qo‘shma bayonot e’lon qilindi.

Boshqa uchrashuvlar

24 iyul kuni Qozog‘iston prezidenti, shuningdek saudiyalik tadbirkorlar bilan «investitsion aylana stol» atrofida uchrashdi. Tadbirda To‘qayev bin Salmon bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvga erishganini ta’kidlagan.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Umuman olganda bu uchrashuvda To‘qayev biznesmenlarni Qozog‘istonga jalb qilish uchun mamlakat haqida muhim ma’lumotlarni keltirib o‘tgan:

«Mustaqillik yillarida bizda YaIM 17 barobar o‘sdi. Bugun Qozog‘iston iqtisodiyoti Markaziy Osiyo boshqa davlatlari iqtisodini qo‘shib hisoblaganda ham ulardan oshib ketadi. Markaziy Osiyo davlatlari tashqi savdo aylanmasining deyarli 60 foizi Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri keladi, 90 milliard dollarlik xalqaro zaxiralarimiz va ularning aholiga jon boshiga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchi o‘rindamiz. Qozog‘istonga chet elliklar kiritgan investitsiya miqdori 380 milliard dollar. Bu butun Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyaning 70 foizini tashkil qiladi», — degan To‘qayev.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Mamlakatning imkoniyatlari haqida gapirgan Qozog‘iston yetakchisi tadbirkorlarni logistika va iqtisodiyotning real sektoriga investitsiya kiritishga chaqirgan.

«Bugun biz qimmatbaho va nodir metallar razvedkasi va ularni qayta ishlash uchun 60 dan ortiq joyni taklif qila olamiz. Qozog‘iston aerokosmika sohasini rivojlantirish borasida huquqiy baza, katta tajriba va resurslarga ega. Bu borada kosmik dasturini rivojlantirish harakatidagi Saudiya qirolligi va xususiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», degan Qosim Jo‘mart To‘qayev.

Shuningdek, To‘qayev Qozog‘iston Saudiyaga yuqori sifatli bug‘doy, un va yog‘ mahsulotlarini barqaror va uzoq muddatli yetkazib beruvchi bo‘lishga tayyorligini ta’kidlagan.

Yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etgan aylanma stol doirasida energetika, oziq-ovqat, sport, tibbiyot, media va boshqa turli sohalarda 13 ta kelishuv va memorandumlar imzolangan.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya fondi boshqaruvchisi Yasir al-Rumayyan bilan uchrashuvda fondni To‘qayev Qozog‘istondagi ko‘plab investitsiya loyihalarida ishtirok etishga chaqirgan.

Bundan tashqari, Qozog‘iston prezidenti Islom taraqqiyot banki prezidenti, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi hamda saudiyalik yirik tadbirkorlar bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazib, bir qancha kelishuvga erishgan.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Qozog‘iston yetakchisi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulazizni «Oltin Burgut» ordeni bilan taqdirlagan.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Mukofotni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri, shahzoda Faysal bin Farhan qabul qilib oldi.

Tashrif doirasida Qosim Jo‘mart To‘qayev mamlakat rasmiylari bilan Umra ziyoratini ham bajardi. Prezidentga saudiyalik mulozimlar hamrohligida Ka’baning ichiga kirish imkoniyati berildi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati
Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Mavzuga oid