O‘zbekiston | 09:10 / 26.07.2022
2247
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim korxonalar faoliyati uchun zarur bo‘lgan xodimlarni o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Pixels

Vazirlar Mahkamasining “Tijorat tashkilotlari birlashmalari tomonidan ular ishtirokchi korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan xodimlarni o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining tijorat tashkilotlari birlashmalari ishtirokchi korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan xodimlarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Ishga marhamat” monomarkazlari, Savdo-sanoat palatasi tizimidagi ta’lim tashkilotlari va nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qitish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq tijorat tashkilotlari birlashmalari ishtirokchi korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan xodimlar o‘quv kurslarida o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdori uch barobaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Tijorat tashkilotlari birlashmalarining ishtirokchi korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan xodimlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitish ilovada keltirilgan kasblar ro‘yxati doirasida amalga oshiriladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda kasblarning dolzarbligi hamda mehnat bozoridagi talab va taklif ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha, tijorat tashkilotlari birlashmalarining ishtirokchi korxonalarida birinchi marta ishga qabul qilingan va mehnat shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch oy muddat ichida o‘z tanloviga ko‘ra “Ishga marhamat” monomarkazlari, Savdo-sanoat palatasi tizimidagi ta’lim tashkilotlari va NTTdan biriga kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitish uchun yuborishi mumkin.

O‘quv kurslarining umumiy davomiyligi 40 soatdan kam bo‘lmagan holda belgilanadi, bunda dars soatlarining taxminan:

  • 80 foiz qismi kasb-hunar va (yoki) tadbirkorlik asoslarini;
  • 10 foiz qismi tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik talablari, tadbirkorlarning huquq va majburiyatlarini;
  • 10 foiz qismi biznes-rejalar tuzish va tadbirkorlik faoliyatini rejalashtirishni, marketing, menejment va tadbirkorlik etikasi, hamkorlar va mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ularga xizmat ko‘rsatish va muomala madaniyatini o‘rgatishga qaratish tavsiya etiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid