Jahon | 08:45 / 27.07.2022
2914
2 daqiqa o‘qiladi

Chet elda yashovchi RF firmalari xodimlari Rossiyada soliq to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin

RF Moliya vazirligi qonunga chet elda, masofadan turib ishlaydigan Rossiya kompaniyalari xodimlari Rossiyada soliq to‘lashi shart bo‘lgan normani kiritishni taklif qilmoqda.

Foto: RIA Novosti

RF Moliya vazirligi «Rossiya Federatsiyasi Soliq kodeksining birinchi va ikkinchi qismlariga va Rossiya Federatsiyasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi federal qonun loyihasini tayyorladi, unda Rossiya kompaniyalarining masofadan turib boshqa mamlakatlarda ishlaydigan xodimlarini Rossiyada soliq to‘lashga majburlash taklif qilinyapti. Bu haqda 26 iyul, seshanba kuni Moskvada idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasida «mahalliy ish beruvchi tashkilotlar tomonidan mamlakatdan tashqarida bo‘lgan, masofadan turib ishlaydigan xodimlarga to‘lanadigan to‘lovlar Rossiya manbalaridan olingan daromadlar sifatida tasniflanadi», deb ta’kidlaydi Moliya vazirligi. 

Hozirgi vaqtda Rossiya kompaniyasining xodimi chet eldan ishlayotgan bo‘lsa, uning daromadi Rossiya manbasidan olingan deb hisoblanmaydi va Rossiyada soliqqa tortilmaydi, deb xabar berdi The Bell internet-nashri. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Moliya vazirligining takliflari qabul qilinsa, Rossiyada bunday xodimlarning maoshidan soliqlar to‘lanishi kerak bo‘ladi, boshqa norezidentlarning daromadidan esa 0 foiz o‘rniga 30 foiz daromad solig‘i ushlab qolinadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid