Frontdagi vaziyat. G‘arbning zamonaviy qurollari Rossiyaning Donbassdagi harakatini zaiflashtirdimi?
Ukraina sharqidagi front chizig‘ida turgan askarlarning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb yetkazib bergan eng so‘nggi rusumdagi qurollar Rossiya armiyasi tomonidan berilayotgan zarbalar shiddatini to‘xtatib qo‘ydi. Ammo bu - vaqtinchalik sukunatmi yoki urushda burilish pallasi alomatimi?
BBC korrespondenti Endryu Harding Donbassdagi front chizig‘ida bo‘lib, ukrain harbiylari va ularga ta’lim berayotgan xorijlik instruktorlar bilan suhbatlashdi.
Bir necha haftadan beri Rossiya tomonidan tinimsiz bombardimon qilinayotgan, deyarli tashlandiq holatga kelgan Baxmut shaharchasidan shimoldagi tepalik ustida tutun ustunlari moviy osmonga ko‘tariladi.
«Bu yashash emas. Xavfsiz joyning o‘zi yo‘q. Men chin dildan umrim tugashini istayman», deya nola qiladi 86 yoshli Anna Ivanova. U hassasiga tayangan holda begona o‘tlarni yulish uchun polizdagi jo‘yakka egiladi.
Ukrain samolyotlari deyarli bosh ustidan guvullab uchib o‘tayotgandek tuyuladi. O‘n daqiqa o‘tib uzoqlardan gumburlash ovozlari eshitiladi.
Sharqiy Donbassdagi egri-bugri front chizig‘i yonidan o‘tuvchi har bir kishi uchun - shimoldagi vayronaga aylanayozgan Slovyanskdan janubda Donetsk atrofidagi tashlandiq holatga tushgan fermerlar qishloqlarigacha - rossiyaliklar tartibsiz ravishda bo‘lsa-da, avvalgi kabi jazavaga tushib o‘t ochishda davom etayotgandek tuyulishi mumkin.
Ammo Donetsk yaqinidagi bug‘doy dalasi burchagida joylashgan ukrainlar artilleriya bo‘linmasi komandiri Dmitro (u faqat ismini yozishni so‘ragan) bundayligini qat’iy rad etadi.
«Ular tez-tez otishayotgani yo‘q. [Rossiya qo‘shinlari tomonidan] artilleriya zarbalari sur’ati ikki barobar pasaydi. Balki undan ham ko‘proqqadir, balki uchdan ikki qismigadir», deydi u yonidagi katta yashil rangli avtomobil chetiga urib qo‘yib.
Bu yashil mashina - fransuzlar tomonidan ishlab chiqarilgan, ulkan stvoli rossiyalik harbiylar egallagan tomonga qaratilgan «Tsezar» rusumli o‘ziyurar artilleriya qurilmasidir.
Bu endilikda Donbassning qishloq yo‘llari bilan harakatlanayotganiga tez-tez ko‘z tushish mumkin bo‘lgan G‘arbning ko‘plab og‘ir qurollaridan biridir. Bu yerdagi ko‘plar qatori Dmitro ham shunday qurollar urushning borishini o‘zgartirishga yordam berdi, deb hisoblaydi.
«Tsezar» kuchli ovoz chiqarib 27 kilometr naridagi rossiyalik piyodalar va bir necha artilleriya qurilmalari joylashgan pozitsiya tomon uchta snaryaddan birinchisini uchiradi.
«Endi biz yanada aniqroq otyapmiz. Va biz endi yanada uzoqroqdagi nishonlarni urishimiz mumkin», deydi u jilmayib. Bir daqiqa o‘tib artilleriya guruh yana ikkita snaryadni uchiradi, mashina esa rossiyaliklar artilleriyasi snaryad uchib kelgan joyni aniqlab, javob zarbasi yo‘llashidan oldinroq bu yerdan jo‘nab ketadi.
So‘nggi haftalarda ukrainalik tinch aholi vakillari va harbiylar Rossiya nazoratidagi hududlarda ro‘y berayotgan kuchli portlashlar seriyalari aks etgan, dronlar orqali olingan va internetda tarqalgan videolarni kuzatib, xursandchiligini yashira olmayapti.
Xabarlarga ko‘ra, ukrainlar front chizig‘idan ancha ichkarida joylashgan ko‘plab o‘q-dori omborlarini nishonga olmoqda, G‘arbdan yetib kelgan zamonaviy qurollar, xususan amerikaliklarning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari va polshaliklarning KRAB gaubitsalari tufayli endi bunday obektlar endilikda ukrainlarning «qo‘li yetadigan» hudud doirasida qolmoqda.
«Bu sukunatga quloq soling», deydi Slovyansk mudofaasiga tashlangan ko‘ngillilar bo‘linmasining 50 yoshlar chamasidagi soqolli komandiri Yuriy Beryoza. Shu kuni tongda shahardan sharqdagi mudofaa okoplari bo‘ylab harakatlanish davomida birorta portlash ro‘y bermadi.
«Buning bari bizga yetkazib berilgan artilleriya tufayli. Avval ularda [rossiyalik harbiylar] bizning bitta stvolga qarshi 50 ta stvol bor edi, hozir esa nisbat beshtaga bitta. Hozirda ularning ustunligi sezilarli emas, buni tenglik deyish ham mumkin», deya izohlaydi Beryoza.
Shu bilan birga, Beryoza ham xuddi Dmitro kabi Ukraina muvaffaqiyatli qarshi hujum o‘tkazishi uchun G‘arbning yanada ko‘proq qurollariga muhtoj ekanini qayd etadi.
«Ular bizni yenga olishmaydi, biz esa bu yerda ularni yenga olmaymiz. Bizga ko‘proq texnikalar kerak, ayniqsa zirhli texnikalar, tanklar, aviatsiya kerak. Bularsiz jonli kuchda katta yo‘qotishlar bo‘ladi. Rossiya urushni aynan shu tarzda olib borishga o‘rgangan. Ular inson hayotini shamolga sovuradi», deydi Beryoza.
«Idealda biz G‘arb bizga jo‘natgan qurollardan uch barobar ko‘prog‘ini olishni istardik. Va tezroq», deya tasdiqlaydi Dmitro.
Ammo qurol yetishmovchiligi - Ukrainaga egallab olingan hududlarini ozod etishga to‘sqinlik qiladigan yagona omil emas. Zarba yog‘dirish intensivligi pasayganiga qaramay, Rossiya qo‘shinlari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Baxmut shahriga yaqinlashib kelmoqda va ukrain harbiylari ularga jonli kuch va tayyorgarlik yetishmay qolishidan xavotirda.
«Mana oddiy bir usul», deya qichqiradi tuproq yo‘lga yotib, miltig‘idan nishonga olgan basavlat harbiy boshqa 40 nafar chog‘li ukrain askarlariga saboq bera turib.
«Oyoqni shunday ko‘tarasiz», deydi sobiq britan desantchisi, ukrain brigadasiga ko‘mak uchun yetib kelgan xususiy guruh a’zosi bo‘lgan harbiy.
Barcha ukrainlar ko‘ngilli sifatida frontga kelgan va atigi bir necha oylik tayyorgarlikdan o‘tgan. Ularning komandirlari g‘arblik konstruktorlar bilan besh kunlik kurs o‘tish bo‘yicha norasmiy kelishuv tuzishgan.
«Albatta, bu qo‘rqinchli. Men avval urush ko‘rmaganman», deydi urushga qadar huquqshunos bo‘lgan, endilikda bo‘linmaga komandirlik qilayotgan 22 yoshli yigit.
«Tashvishlanarlisi shuki, bu yigitlar... G‘arbdagilar ko‘nikkan oddiy askarlik ko‘nikmalariga ega emas», deydi boshqa bir instruktor, amerikalik sobiq dengiz piyodasi Rob.
Ayni vaqtda G‘arb davlatlari hukumatlari Ukraina armiyasiga yordam sifatida muntazam qo‘shinlari va shartnoma asosida xizmat qiluvchi harbiylarini yuborishga rozi bo‘lmayapti. Bir qancha xususiy harbiy kompaniyalar bu yerda o‘z tashabbusi bilan harakat qiladi, ulardan biri Rob a’zosi bo‘lgan Mozart guruhidir.
«Bu okeandagi tomchi, ammo ayrim kichik uchastkalarda bu ahamiyatga ega», deydi AQSh dengiz piyodalari kuchlarining iste’fodagi polkovnigi, ukrain ko‘ngillilarining mashg‘ulotlarini kuzatib borayotgan Endi Milburn.
Uning qayd etishicha, uning rahbarligidagi Mozart xususiy harbiy kompaniyasi Amerika hukumati bilan hech qanday aloqaga ega emas va hukumatdan hech qanday yordam olmaydi. Shu bilan birga, u G‘arb davlatlarini urushda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishdan bosh tortgani uchun «uzoqni ko‘ra olmaslik»da ayblaydi.
«Bu tuturuqsizlik. Bu yigitlar shunchaki ukrain instruktorlari yetishmasligi tufayli juda ko‘p odam yo‘qotishmoqda. G‘arb buni hozirdan rejalashtirishi kerak», deya noliydi u.
Mavzuga oid
19:39 / 08.11.2024
Ukrainada rossiyalik yana bir general halok bo‘ldi
21:23 / 31.10.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va Ukraina Kuraxovo uchun kuzning hal qiluvchi jangini boshladi
17:00 / 17.09.2024
Frontdagi vaziyat: Ukrainaning Donetsk yaqinidagi guruhiga qurshov tahdid solmoqda
15:25 / 13.09.2024