Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaliklarga YeI davlatlari vizalarini berish butunlay to‘xtatilishi haqidagi ma’lumot rad etildi
Qisqa muddatli Shengen vizasi uchun arizalarni ko‘rib chiqish YeI muayyan davlatlarining vakolatidir, deya xabar berdi Yevrokomissiya.
YeI qoidalari Rossiya fuqarolariga viza berishni butunlay to‘xtatishga imkon yaratmaydi. Yevrokomissiya (YeK) Yevroittifoq sanksiyalari «birinchi navbatda va aniq» RF hukumati hamda iqtisodiy elitasiga qarshi qaratilganini ta’kidladi. Bu haqda Finlandiyaning Helsingin Sanomat eng yirik gazetasining 28 iyul, payshanba kungi sonida aytiladi.
Jurnalistlarning butun YeI rossiyaliklarga turistik vizalar bermaslikka qaror qilishi mumkinmi, degan savoliga shunday javob berildi.
YeK qisqa muddatli Shengen vizalari uchun arizalarni ko‘rib chiqishda har bir hujjat bo‘yicha «alohida tartibda» qaror qabul qilish hamjamiyatga a’zo davlatlarning vakolati ekanini bildirdi.
Tekshiruv tartibi ariza beruvchining YeIga a’zo davlatning jamoat tartibi, milliy xavfsizligi yoki xalqaro munosabatlariga xavf solishi mumkinligini aniqlash uchun mo‘ljallangan, deya tushuntirdi komissiya.
Yevroittifoqning amaldagi qoidalari vizalar berishni to‘liq to‘xtatishga imkon bermaydi, deya ta’kidladi Bryussel. «Har doim viza berilishi kerak bo‘lgan odamlar guruhlari bor. Gap gumanitar holatlar, oila a’zolari (YeI mamlakatlari fuqarolarining), jurnalistlar va dissidentlar haqida ketmoqda», - deya aniqlik kiritdi YeK.
Avvalroq Finlandiya Sotsial-demokratik partiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Niina Malm hukumat rossiyaliklarga turistik vizalar berish bo‘yicha ehtimoliy cheklovlarni baholashni ma’lum qilgandi. Siyosatchi YeI va Shengen hududi mamlakatlari bu masalada umumiy pozitsiyaga ega bo‘lishini muhim deb hisoblaydi, deb xabar berdi Finlandiyaning Yle davlat teleradiokompaniyasi.
«YeI birligi uchun ham, Rossiyaga qarshi qaratilgan harakatlar samaradorligi uchun ham Yevroittifoq mamlakatlari yagona pozitsiyaga ega bo‘lishi muhim», - deya ta’kidladi Malm. Shu bilan birga, u Finlandiyaga qarindoshlarini ko‘rish yoki tibbiy sabablarga ko‘ra boradiganlar uchun istisno qilish kerakligini bildirdi. Istisnolar muxolifat vakillariga ham tegishli bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi siyosatchi.
Finlandiya TIV konsullik bo‘limi boshlig‘i Yussi Tanner, o‘z navbatida, kamroq arizalarni qabul qilish orqali rossiyaliklarga beriladigan turistik vizalar sonini amalda qisqartirish mumkin, deb hisoblaydi. Ko‘plab arizalar rad etilmoqda, dedi Tanner.
Shu kuni Estoniya hukumati Rossiya fuqarolariga ushbu mamlakatda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma yoki o‘qish uchun vizalar berishni taqiqlovchi qarorni tasdiqladi.
Bundan tashqari, Rossiya va Belarus fuqarolari qisqa muddatli ishlash uchun ruxsatnomani faqat Estoniya tomonidan berilgan viza amalda bo‘lgan taqdirdagina olishi mumkin bo‘ladi.
Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsaluning ta’kidlashicha, Moskvaning Kiyevga qarshi «asossiz urushi» nafaqat Ukrainaning «hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini» qo‘pol ravishda buzadi, balki Estoniya va YeI xavfsizligiga tahdid soladi.
Mavzuga oid
09:32
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026