O‘zbekiston | 21:52 / 01.08.2022
10812
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Energetika vazirligi: Afg‘oniston elektr energiyasi uchun to‘lovlarni doimiy ravishda amalga oshirmoqda

O‘zbekiston 2021 yilda Afg‘onistonga qariyb 2,2 mln kVt.soat elektr energiyasi sotgan va buning uchun barcha to‘lovlar amalga oshirilgan. Afg‘on tomoni 2022 yilda ham to‘lovlarni amalga oshirib kelmoqda, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston 2021 yilda Afg‘onistonga 2 151,3 mln kVt.soat elektr energiyasi yetkazib bergan. Buning uchun “Da Afghanistan Breshna Sherkat” energetika kompaniyasi tomonidan to‘lovlar to‘liq amalga oshirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yil uchun Afg‘onistonning O‘zbekistondan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligi mavjud emas.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va DABS kompaniyasi o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yilda Afg‘onistonga 2 210,0 mln kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berishi belgilangan. Yanvar-iyun oylarida qo‘shni mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda 770,2 mln kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

“Bugungi kunda yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar kompaniya tomonidan doimiy ravishda amalga oshirilmoqda.

Yozgi mavsumda Afg‘oniston Tojikiston energetika tizimiga ulanishi sababli joriy yil 14 apreldan O‘zbekistondan elektr energiyasini qabul qilish to‘xtagan”, – deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston 2002 yildan boshlab Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib bermoqda. Dastlabki yillarda 10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining texnologik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda “Da Aghanistan Breshna Sherkat” (DABS) kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha elektr energiyasi yetkazib berilgan.

2009 yilda ikkita 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining qurilishi yakunlanib, ishga tushirilganidan so‘ng, Afg‘onistonga 430 MVtgacha quvvatda elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Mavzuga oid