Rossiya Erondan samolyot detallari olmoqchi. Qandaylarini va nega aynan u yerdan?
Eron va Rossiya aviatsiya sohasida kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Eron Rossiyaga samolyot ehtiyot qismlarini eksport qilishi va hatto rus aviakompaniyalariga tegishli uchoqlarni ta’mirlashi ham mumkin. Qizig‘i, Eronning o‘zi ham o‘n yillardan buyon sanksiyalar ta’sirida yashab keladi. Eron inqiroz yoqasiga kelib qolgan Rossiya aviasanoatiga qanday yordam berishi mumkin?
Avvaliga rus diplomatlari, keyin esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin bejizga Eronga borib kelgani yo‘q. Ukrainaga bostirib kirgach, uchragan sanksiyalari soni bo‘yicha Erondan o‘zib ketgan Rossiya qaysidir ma’noda o‘n yillardan buyon juda ko‘p sanksiyalar bilan yashab kelayotgan Erondan «qora ro‘yxat»da yashash tajribasi borasida tavsiyalar olgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Bir necha kun avval ikki davlat aviatsiya sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishib oldi. Bu kelishuv Eron tomonidan Rossiyaga samolyot ehtiyot qismlari eksport qilish va Eron kompaniyalari tomonidan rus samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Rossiya «birinchi planda bo‘lmagan» bu kelishuv rus nashrlarida keng yoritilmadi. Bu haqda birinchi bo‘lib Eron fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti xabar berdi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, sanksiyalar mamlakatning barcha sanoat tarmoqlariga, xususan, aviatsiya sohasiga ham keskin zarba berdi. Rossiya samolyotlarini boshqa davlatda ta’mirlash, ular uchun ehtiyot qismlar yuborish taqiqlandi.
Rossiya aviatsiya sohasida Eron bilan hamkorlik qilishi esa g‘alati holat bo‘ldi, chunki forslarning o‘zi 1980-yillardan buyon sanksiya ostida yashab keladi. O‘shandan buyon Eronga samolyot ehtiyot qismlari yuborish taqiqlangan. BBC o‘zi sanksiya ostida yashayotgan Eron qanday qilib Rossiya aviatsiyasiga yordam berishi mumkinligi va bu qanchalik xavfsiz ekanini tahlil qildi.
Eron aviasanoati qanday holatda?
1979 yil islom inqilobi sodir bo‘lgach, Eron adog‘i yo‘q sanksiyalar ostida qolib ketadi. 2015 yil vaziyat biroz yengillashganday bo‘ldi. O‘shanda Eron BMT Xavfsizlik kengashi davlatlari (AQSh, Xitoy, Britaniya, Fransiya, Rossiya) bilan yadro kelishuvi imzoladi.
Unga ko‘ra, Eron yadro dasturidan bosqichma-bosqich voz kechishi, evaziga esa sanksiyalar yengillashtirilishi kerak edi. Sanksiyalar yumshatilgan qisqa davrda Eron dunyo kompaniyalariga 200 ta samolyot buyurtma qildi, lekin faqat 10 tasinigina qo‘lga kiritdi.
2017 yilga borib Eron hatto mustaqil ravishda samolyot uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish harakatini boshladi. 2018 yilda esa hammasi barbod bo‘ldi – AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat yadro kelishuvidan chiqishini ma’lum qildi-da, sanksiyalar Eronga «qayta boshladi».
Hozirda Eron fuqaro aviatsiyasidagi asosiy samolyotlar import qilingan Boeing, Airbus va ATR kompaniyalari uchoqlarini tashkil etadi. Bu samolyotlarning aksari 20-30 yil va undan ham avval ishlab chiqarilgan. Iran Air aviakompaniyasi samolyotlarining o‘rtacha yoshi 19,1 yilni tashkil etadi va bu juda yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Eronning o‘zida ham samolyot detallari bilan bog‘liq muammo bor. 2021 yil Eron aviaparklaridagi samolyotlarning yarmi aynan ehtiyot qismlari, xususan, dvigatellar yetishmovchiligi sabab to‘xtab qolgani aytilgandi.
Eron samolyot detallarini qayerdan oladi?
Masalaning yana jihati borki, 40 yildan ortiq vaqt davomida sanksiyalar ta’sirida yashab kelgan Eron bunday cheklovlarni qanday yengib o‘tishning «piriga aylangan».
Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvda Eron aynan qanday ehtiyot qismlari yetkazib berishi aytilmagan, Rossiya tomoni esa bu borada rasman ma’lumot bergani ham yo‘q.
Rossiyadagi zamonaviy Eronni o‘rganish markazi direktori Rajab Safarovning aytishicha, import qilingan samolyotlar uchun Erondagi ba’zi texnoparklarda chindan ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Ularni xususiy kompaniyalar ishlab chiqarmoqda, lekin hukumat korxonalari qo‘llovi bilan. Ya’ni ularni asosan davlat moliyalashtiradi.
Airbus va Boeing uchun ehtiyot qismlarning ba’zilari esa «parallel import» prinsipi asosida Eronga olib kelinadi, bu borada qandaydir yuridik to‘siq yo‘q. Rajabovning fikricha, Eron bu borada import hajmini 50 yoki 100 foizga oshirish mumkin. Bu esa «Rossiya muammosini hal qilish uchun yetarli».
Bunday ssenariy haqida boshqa ekspertlar ham gapirishmoqda. «Aeroflot» rahbarining sobiq o‘rinbosari Aleksandr Smolkoning aytishicha, Eron tomonidan ushbu ta’minotda ishtirok etish uchun chaqiruv olgan. Uning fikricha, gap Eronning o‘zi ishlab chiqargan detallar haqida emas, aynan Eronga import qilinadigan detallar haqida ketmoqda.
Shuningdek, ruslar Eron kompaniyalari bilan samolyotlarni ta’mirlash borasida kelishuvga erishgan. Ekspertlarning fikricha, ta’mirlash masalasida faqat munosabatlarni o‘rnatishga erishilgan.
«Bir muddat avval Rossiyadagi ko‘plab samolyotlarga xizmat ko‘rsatadigan servislar menga aloqaga chiqib, Erondagi servis kompaniyalari bilan munosabat o‘rnatishga yordam berishni so‘ragandi. Aynan rus samolyotlarini ta’mirlash uchun navbatga yozilish va rus avialaynerlarini detallar bilan ta’minlash uchun», deydi Safarov.
Ammo hamma ekspertlar ham kelishuvga optimistik qarayotgani yo‘q. Dunyo iqtisodiyoti bo‘yicha ekspert Aleksey Malashenkoning fikricha, bu kelishuv bo‘yicha savollar ko‘p. Ekspert bu boradagi aksar kelishuvlar norasmiy kanallar orqali ketayotgani, keyinchalik esa hukumatlar darajasida tasdiqlanishiga e’tibor qaratgan.
Eronda samolyot ishlab chiqariladimi?
Hozir Eronda yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan samolyotlar ishlab chiqarilmaydi. Bu boradagi eng shov-shuvli ish Eronda Iran-140 yo‘lovchi samolyotlarini ishlab chiqarish loyihasi bo‘lgandi. Bu Ukrainadagi An-140 samolyotlarini Eronda ishlab chiqarish loyihasi edi.
Bunday turdagi samolyotlarning ilk parvozi 2001 yilda amalga oshirilgan, lekin bu samolyotlardan atigi 10 dona ishlab chiqarilgan. Ushbu loyiha yo‘lovchi tashishda inson o‘limi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygani sabab to‘xtatilgan.
Masalan, 2014 yilgi halokatda 38 kishi halok bo‘lgan. O‘sha vaqtda prezident bo‘lgan Hasan Ruhoniy Iran-140 samolyotlari parvozini taqiqlab qo‘ygandi.
Halokatga uchragan samolyot sinov parvozi vaqtida ham yo‘lakdan chiqib ketgan. Sinovdan yaxshi o‘tmagan samolyot parvozga yuborilgani esa keskin tanqidlarga sabab bo‘lgandi.
2021 yil fevralda Eron Fuqaro aviatsiyasi tashkilotida barcha Iran-140 samolyotlari harbiy yuk tashuvchi sifatida ishlatilishi, mamlakatda 100 ta mahalliy samolyot ishlab chiqarilishi aytiladi. Joriy yil iyun oyida prezident Ibrohim Raisiy 72 o‘rinli 8 ta yo‘lovchi samolyoti yasashga buyruq berdi. Ayni damda bu borada ishlar boshlab yuborilgan va bir necha yilda yakunlanishi kutilmoqda. Ammo bunday samolyotlar tizimli tarzda ishlab chiqariladimi, yo‘qmi noaniq.
Rossiya Erondan olingan detallarni nima qiladi?
Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi bilan Yevropa Ittifoqi rus aviasanoatiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Xususan, Rossiyaga uchadigan aviakompaniyalarga samolyot ijaraga berish, ularni sug‘urtalash, xizmat ko‘rsatish taqiqlab qo‘yildi. Sanksiya qo‘llangan vaqtda Rossiyada 515 ta lizing kompaniyasidan olingan samolyotlar bo‘lgan va ularning 400 tasi qaytib berilmagan.
Lizingchi kompaniyalar 80 ta samolyotni qaytib ololgan. Samolyotlarning bir qismini aviakompaniyalar sotib olgan. Rossiya aviaparklaridagi bir qism samolyotlar esa mahalliy lizing kompaniyalariga tegishli. Xorijiy lizing kompaniyalariga tegishli samolyotlardan Rossiya hududida foydalanish taqiqlanganidan keyin ularning havoga ko‘tarilishiga ruxsat beradigan litsenziyalari bekor qilindi.
Rossiya esa bu samolyotlarni ularning egalari ruxsatisiz mahalliy reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazdi. Shu tariqa uchoqlarning mamlakat ichida parvozlarni amalga oshirishiga ruxsat berildi.
Bundan tashqari, Rossiya xorijdan sotib olingan samolyotlarga mamlakat ichida xizmat ko‘rsatishga ruxsatnoma bera boshladi. Aprel-may oylarida Rosaviatsiya beshta aviakompaniyaga aviatexnika ta’mirlashga ruxsat beruvchi sertifikatlar taqdim etdi. Masalan, S7, Ural fuqaro aviatsiyasi zavodi va boshqa qator korxonalar shunday ruxsatnomalarga ega bo‘lgan. Bu litsenziya import qilingan samolyotlarga Rossiya federal aviatsiya qoidalariga ko‘ra texnik xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Bunday sharoitda rus samolyotlarida uchish xavfsizmi?
Bu savolga javob berish qiyin. Aslida xalqaro tashkilotlar, xususan, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tan olgan hujjatlar to‘plami to‘liq ekani parvoz xavfsizligini rasman tasdiqlaydi. Ammo hozir Rossiya hududida qolayotgan xorijiy samolyotlarning hujjati bilan bog‘liq muammolar Rossiya va boshqa davlatlar o‘rtasidagi mojaroga sabab bo‘lyapti.
Samolyotlar Rossiya ichida parvozlarni amalga oshirish uchun yaroqli deb topilsa ham hozir xalqaro tashkilotlar ularni parvozga yaroqli deb hisoblamaydi.
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Rossiyaning samolyotlarni ichki qoidalar bilan ro‘yxatga olayotgani Chikago konvensiyasiga zid deb topib, Rossiyani muammoni hal qilishga chaqirdi. Aslida samolyotlarni ularning egasi bo‘lgan kompaniyagina ro‘yxatdan o‘tkaza oladi. Rossiya esa o‘z aviakompaniyalariga nisbatan lizing kelishuvi buzilgan deb topib, ularning uchoqlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda davom etmoqda.
Parvoz xavfsizligi davlat samolyotlari yaroqliligini tekshirib, nazorat qilishiga ham bog‘liq. Juda ko‘p bosqichdan iborat bu ish samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi.
Rossiyada esa vaziyat boshqacha. Aviatsiya bo‘yicha ekspert Andrey Shniryov esa samolyotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish har bir mamlakatning ichki qonunlari doirasida amalga oshiriladi deb hisoblaydi. «Samolyotlarni registratsiya qilish va parvozlar xavfsizligi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q», deydi ekspert.
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti esa boshqacha fikrda. Agar Rossiya 14 sentabrgacha registratsiya bilan bog‘liq muammoni hal qilmasa, Rossiya samolyotlarida uchish xavfsiz emas, deb e’lon qilinadi. Oqibatda davlatlar rus samolyotlarini o‘z havo kengliklariga kiritmay qo‘yishi mumkin. Hozircha faqat Butan va Eritreya davlatlarining samolyotlarida shunday «tavqi la’nat» mavjud. Ammo bu rus aviatsiyasi uchun ko‘p narsani o‘zgartirmasligi ham mumkin, chunki 24 fevraldan keyin shundog‘am ko‘p davlatlar rus uchoqlari uchun osmonini yopib qo‘ygan.
Rossiya Transport vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Airbus va Boeing kabi kompaniyalar samolyotlarini sanksiya holatida xavfsiz tarzda parvozga qaytarish 5 yilgacha cho‘zilib ketishi mumkin. Bu haqda iyunda bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan vaqtida Yuriy Borisov aytgandi.
Sanksiyalar aviatsiya sohasiga jiddiy zarar yetkazishini bunday sharoitda juda ko‘p yillarni o‘tkazayotgan Eron misolida ko‘rish mumkin. Oxirgi 25 yilda Eron aviatsiyasi rivojlanayotgani aytiladi, ammo 2014 yilgacha bo‘lgan 25 yil ichida Eron samolyotlari bilan bog‘liq 200 ta halokat sodir bo‘lgan va 2 mingdan ortiq odam qurbon bo‘lgan.
Mavzuga oid
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
14:56 / 12.11.2024
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51 / 12.11.2024