Jahon | 08:39 / 02.08.2022
3032
3 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi dunyoni yadro qurolini yo‘q qilishga chaqirdi

Insoniyat Xirosima va Nagasakiga qilingan hujumlardan olingan saboqlarni unutish xavfi ostida turibdi, deya ma’lum qildi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Foto: AP

Yadro qurolidan foydalanish xavfi sovuq urush davrida kuzatilgan darajaga yetdi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 1 avgust, dushanba kuni Nyu-Yorkda Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (YaQsh)ga a’zo davlatlar konferensiyasi ochilishida aytib o‘tdi. U dunyoda yadro qurolini butunlay yo‘q qilishga chaqirdi

«Xavfni kamaytirish yetarli emas. Yadro qurollarini yo‘q qilish - ulardan foydalanilmasligining yagona kafolati. Biz bu maqsad yo‘lida tinmay harakat qilishimiz kerak», - dedi Guterrish. BMT bosh kotibining ta’kidlashicha, jahon hamjamiyati hozirgacha «aql bovar qilmaydigan darajada omadli» bo‘lib turibdi, ammo «bitta tushunmovchilik, bitta noto‘g‘ri hisoblash» dunyoni yadro quroli orqali yo‘q qilib yuborishdan ajratib turadi. 

«Insoniyat Xirosima va Nagasakiga qilingan hujumlardan olingan saboqlarni unutish xavfi ostida turibdi. Geosiyosiy taranglik yangi cho‘qqilarga chiqdi» dedi u va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Yaqin Sharq va Koreya yarimorolidagi mojarolarga ishora qildi. 

Dushanba kuni AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya TIV rahbarlari YaQshga sodiqliklarini bildirdi va Rossiyani yadroviy urushning oldini olish uchun «xavfli yadroviy ritorika»dan foydalanishni bas qilishga chaqirdi. 

«Biz Rossiyani o‘zining mas’uliyatsiz va xavfli yadroviy ritorikasi hamda xatti-harakatlarini to‘xtatishga, xalqaro majburiyatlarini bajarishga hamda yetakchilarning yadro urushi va qurollanish poygasining oldini olish bo‘yicha so‘nggi bayonotida bayon etilgan tamoyillarni so‘z va amalda yana bir bor tasdiqlashga chaqiramiz», - deyiladi uch davlatning tashqi siyosat idorasi qo‘shma bayonotida.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Moskvaning Ukrainaga qarshi agressiv urushini va Kremlning xavfli bayonotlarini keskin qoraladi. Rossiya 50 yildan ortiq vaqt davomida Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma doirasida erishilgan barcha yutuqlarni xavf ostiga qo‘ymoqda, dedi Berbok. «Agar bugun biz yadroviy qurolsizlanish bayrog‘ini tushirsak, shartnomaning o‘zi va uning ortida turgan hamma narsa yo‘q bo‘lib ketadi», deya ta’kidladi Berbok. 

Mavzuga oid