Iqtisodiyot | 11:08 / 03.08.2022
29860
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishni tezlashtirishga kelishib oldi 

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro savdoni faollashtirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.

Tomonlar yaqin kelajakda imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish uchun uni kelishish jarayonini tezlashtirishga kelishib oldi. Savdo to‘siqlarini bartaraf etish, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish va sohada raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Uchrashuv ishtirokchilari transport-logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil va havo transporti orqali yuk tashish ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikasini hisobga olgan holda, tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va tranzit yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi to‘g‘risidagi fikrga keldi.

Uchrashuv yakunida tomonlar e’lon qilingan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha navbatdagi sa’y-harakatlarni hamda ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish yo‘llarini belgilab oldi.

 

Mavzuga oid