Jahon | 15:44 / 03.08.2022
9468
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda bolalar bog‘chasiga uyushtirilgan hujum oqibatida uch kishi halok bo‘ldi

Xitoyning Tszyansi provinsiyasidagi bolalar bog‘chasiga pichoq bilan hujum qilgan erkak olti kishini jarohatlab, uch kishini o‘ldirdi. U qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: Picture Alliance

Xitoyning Tszyansi provinsiyasidagi bolalar bog‘chasiga pichoq bilan hujum qilish oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, olti kishi yaralandi, deb xabar bermoqda AFP agentligi 3 avgust, chorshanba kuni. Huquq-tartibot idoralari qurbonlar yoki jarohatlanganlarning yoshi haqida ma’lumot bermadi, biroq AFP’ning ta’kidlashicha, Beijing Daily davlat gazetasi tomonidan e’lon qilingan videoda politsiyachi yosh bolani tez yordam mashinasiga olib ketayotgani ko‘rsatilgan. 

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs 48 yoshli mahalliy fuqarodir. Erkak qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi, u qidiruvga berilgan. Mahalliy OAV tarqatgan kadrlarda Xitoy janubi-sharqidagi Anfu okrugida joylashgan xususiy bolalar bog‘chasiga qalpoq va niqob kiygan erkak kirganini ko‘rish mumkin.

Xitoyda tinch aholiga o‘qotar qurolga ega bo‘lish taqiqlanadi, biroq mamlakatda pichoqli hujumlar tez-tez uchraydi, deya ta’kidlaydi AFP. Agentlik eslatishicha, 2018 yilda mamlakat shimolida to‘qqiz bolani pichoqlagan va yana 11 kishini jarohatlagan erkak o‘lim jazosiga hukm qilingan. 

2021 yil aprel oyida Xitoy janubidagi bolalar bog‘chasida bir kishi ikki kishini o‘ldirgan va 16 nafar bolani pichoqlagan edi. O‘sha yilning iyun oyida Ansin shahridagi savdo ko‘chalaridan birida pichoq bilan qurollangan shaxs olti kishini o‘ldirgan, 14 kishini jarohatlagan edi. 

Mavzuga oid