Muloqotga Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odil Tojiyev, Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev, Sergeli tuman hokimi Elbek Shukurov, konstitutsiyaviy komissiya eksperti, yuridik fanlari doktori Xayrullo Ro‘zmetov, Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zayniddinov va boshqalar taklif etildi.

Muloqotda boshlovchilik qilgan Hikmatilla Ubaydullayev audiochatdan ko‘zlangan maqsad haqida gapirar ekan, qaysidir hokim faoliyati emas, balki hokimiyat bo‘linishi prinsipi, ya’ni, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini ta’minlash bo‘yicha islohotlar mohiyati haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lish, muhokamalar asnosida yangi fikr va takliflar tug‘ilishiga zamin yaratish muhim ekanini qayd etdi.

“Amaldagi tizim hokimlar va mahalliy kengashlarning o‘z vazifalarini bajarishiga yomon ta’sir qilyapti — mahalliy deputatlar hududlardagi islohotlarga deyarli aralasha olmayapti. Yangi tizim hokimlar ustidan xalq nazoratini kuchaytiradi.

Mahalliy kengash raisi mustaqil bo‘lishi uchun, hokimni tiyib turishi uchun birinchi navbatda, moliyaviy mustaqil bo‘lishi kerak. Shu bois Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlar fonida shu kabi masalalarga ham aniqlik kiritilishi maqsadga muvofiq”, — dedi moderator.

Odil Tojiyev:

Amaldagi Konstitutsiyada hokimlarga mahalliy kengash raisligining yuklanishi — kafolatlangan deputatlik o‘rnini keltirib chiqaryapti. Tan olib aytish kerak, bir paytlar bu narsa kerak bo‘lgan, ammo hozirgi kunda u o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu bo‘yicha ko‘plab e’tirozlar bildirildi, ya’ni, hokim qanday qilib o‘zi hisobot beruvchi organga rahbarlik qilishi, sodda qilib aytganda, u o‘ziga o‘zi hisobot berishi mumkin? Konstitutsiyadagi shunga o‘xshash mantiqqa zid holatlarga barham berilmoqda.

Doniyor G‘aniyev:

Dunyo tajribasida hokimiyatlar bo‘linishi — xalq manfaatlariga xizmat qiladigan asosiy vosita sifatida o‘z isbotini topgan. Hattoki, eng avtoritar davlatlarda ham, masalan, Xitoyda ham kommunistik rejim bo‘lishiga qaramay, hokimiyat bo‘linishi prinsipi saqlab qolingan.

Oxirgi yillardagi davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘zgarishlar natijasida so‘z erkinligi, jamoatchilik nazorati shakllandi. Odamlarimiz bu boradagi islohotlarni talab qila boshlashdi. Aynan ijro hokimiyati va vakillik organlarining ajratilishi jamoatchilikning asosiy talablaridan biri bo‘ldi.