Jahon | 08:05 / 13.08.2022
5125
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya muxolifati Turkiyaning Asad bilan murosa qilish chaqirig‘idan norozi bo‘ldi

Radikallar nazorati ostidagi Idlib viloyatida norozilik namoyishlariga chaqiriqlar yangramoqda. Turkiya TIV rahbari Chavusho‘g‘li muxolifatni doimiy tinchlik uchun Damashqdagi rejim bilan kelishishga chaqirdi.

Foto: Getty Images

Suriyada Damashqdagi rejim muxoliflari Turkiya TIV rahbari Mavlud Chavusho‘g‘lining Suriya prezidenti Bashar Asad bilan murosa qilish chaqirig‘idan qattiq norozi. Suriyaning shimoliy va shimoli-g‘arbiy hududlarida 12 avgust kuni o‘qilgan juma namozidan so‘ng norozilik namoyishlariga chaqiriqlar yangradi.

Turkiya qo‘shinlari nazorati ostidagi Suriya shaharlarida, jumladan Afrin va Al-Bobda ham norozilik avj oldi. Radikallar hukmronlik qiladigan Idlib viloyatida Turkiya bilan chegarada norozilik namoyishlari uyushtirishga chaqiriqlar yangramoqda. Kechasi alohida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Al-Bobda namoyishchilar turk bayrog‘ini yoqib, «Murosaga yo‘q!» deb hayqirdi.

Kuni kecha Chavusho‘g‘li Anqarada Suriyadagi muxolifat va tuzumni qachondir yarashtirishi kerakligini, aks holda, barqaror tinchlik bo‘lmasligi haqida ma’lum qilgandi. AFP agentligining qayd etishicha, bu bayonot Anqara siyosati o‘zgarganidan dalolat beradi. 2011 yilda Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan beri Turkiya Asad rejimidan qat’iy ravishda uzoqlashdi va uning raqiblarini qo‘llab-quvvatladi, jumladan, harbiy yordam ko‘rsatdi. Yaqinda, may oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Asad rejimini «o‘limga olib keluvchi» deb atagan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid