Jahon | 17:52 / 15.08.2022
4727
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik basketbolchi Rossiya sudi hukmi ustidan shikoyat qildi

Foto: AP

Ximki shahar sudi Britni Graynerni giyohvand moddalar kontrabandasida ayblab, 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Himoyachilar sportchini oqlashni yoki jazoni yengillashtirishni so‘rashmoqda.

Ximki shahar sudi tomonidan giyohvand moddalarni saqlash va kontrabanda qilishda ayblanib 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan amerikalik basketbolchi Britni Grayner apellyatsiya shikoyati berdi. Bu haqda 15 avgust, dushanba kuni Rossiya OAV sportchining advokatlari Marina Blagovolina va Aleksandr Boykovga tayanib xabar qilgan.

Himoyachilar suddan oqlov hukmi chiqarishni yoki eng quyi chegaradan pastroq jazo tayinlashni so‘ragan. Apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqish sanasi hali e’lon qilinmadi. Britni Graynerga hukm 4 avgust kuni chiqarilgandi.

Iyul oyi oxirida - Grayner ustidan o‘tkazilgan sud jarayoni tugaguniga qadar - AQSh va Rossiya uni hamda josuslikda ayblangan Pol Uilanni 2012 yilda AQShda noqonuniy qurol savdosida ayblanib 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan rossiyalik tadbirkor Viktor Butga almashish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilindi.

Avgust oyi boshida AQSh prezidenti ma’muriyati Rossiya almashinuv bo‘yicha qarama-qarshi taklif bilan chiqqani haqida xabar berdi, biroq Oq uy uni jiddiy bo‘lmagan taklif deb rad etdi. Ushbu taklifning aniq tafsilotlari keltirilmagan. 

Ilgari, Rossiyada sudlangan chet el fuqarolari RF prezidenti afv etish haqidagi iltimosnomalarini imzolaganidan keyingina almashtirilgan holatlar kuzatilgan. 

Mavzuga oid