“Hamma jim va harakatsiz” – reklamalar davlat tilida bo‘lishini ko‘zda tutuvchi qonunning targ‘iboti sezilmayotgani e’tirozga sabab bo‘lyapti
Reklama davlat tilida berilishi shartligi ko‘rsatilgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun 9 sentabrdan kuchga kiradi. Ammo buni reklama tarqatuvchilarga yetkazuvchi targ‘ibot ishlari hamon boshlanmagan.
Reklama davlat tilida berilishi shartligi ko‘rsatilgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun 9 sentabrdan kuchga kiradi. Bloger Shahnoza Soatova bu borada mas’ul tashkilotlarning harakatsizligini tanqid ostiga oldi.
“9 sentabrdan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun kuchga kiradi. Ammo buni go‘yo hech kim bilmaydigandek — kuzatilayotgan harakatsizlik va jimjitlik yoqmayapti.
Gap shundaki, yangi tahrirdagi Qonunga ko‘ra reklama davlat tilida berilishi shart. Vaziyatga ko‘ra boshqa tillarga tarjimasi keltirilishi mumkin, biroq uning shrifti davlat tilidagi asosiy matndan kichikroq bo‘lishi, mazmunini to‘g‘ri ifodalashi hamda umumiy reklama maydonining ko‘pi bilan 40 foizini egallashi mumkin.
Qonunning ushbu 6-moddasi yangi tahriri shaxsan meni juda quvontirgan edi — peshlavhalar tili bo‘yicha hozirgi boshboshdoqlik, boshqa tilning ustunligiga barham berilar deb o‘ylagandim.
Lekin qonun kuchga kirishiga 1 oydan kam vaqt qolganiga qaramay hamma negadir jim va harakatsiz. Hech bir tadbirkor idorasi, do‘koni yo savdo markazi peshtoqidagi reklama lavhalarini yangilashga harakat ham qilmayapti, mas’ul tashkilotlar, xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va sohaga bosh mas’ul Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti jim. Departamentning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida bu haqida biron gap yo‘q, televideniye va radioda bu haqida so‘z aytilmayapti, tadbirkorlar lavhalarni yangilash to‘g‘risida xabarnoma ham olmaganlar. Xullas, amalda hech kim qonunning 6-moddasini bajarmoqchi emas, shekilli”, – deb yozadi Shahnoza Soatova.
Blogerga ko‘ra, qonun targ‘ibotiga bu kabi befarqlik ertaga tadbirkorlarning noroziliklarini ham keltirib chiqarishi mumkin.
“Vaholanki, bu qonun va uni bajarmaslik uchun javobgarlik borligini ham chetga surib turaylik, bular bari tadbirkor uchun xarajat va ertaga yana ko‘chadagi bannerlar majburan oldirilyapti, deb noroziliklar tarmoqqa chiqadi.
Nega shu kungacha zarur choralar ko‘rilmadi? Qonun kuchga kirgan kundan nima bo‘ladi? Bajarilmaydimi? Yo yana hokimiyat organlari bilan tadbirkorlar jangi tarmoqqa chiqib, masala siyosiylashib, “bo‘ldi-bo‘ldi” deb ortga qaytiladimi? Bu qonun-ku?
Qachongacha shaharlarimiz tugul hatto chekka qishloqlarimiz ham bizning o‘zga tilga ma’nan qaramligimizni sharmandalarcha jar solib turuvchi tashqi reklama lavhalari bilan to‘lib yotadi?
Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri-ku gumdon bo‘ldi. Hech bo‘lmasa, Reklama to‘g‘risidagi qonun ishlasin. Davlat tili o‘zbek tili bo‘lgan mustaqil O‘zbekistonmi bu yo hamon mustamlaka o‘tmishidan qutulolmayotgan yurtmi? Yaqinda Gruziyada ko‘rdim, lavhalar rus, turk, ingliz tillarida, ammo hammasida albatta gruzincha yozilgan, keyin boshqa til. Vaholanki, Gruziya bizdan uzoqroq vaqt mustamlaka ostida bo‘lgan.
Til millat xarakteri, qat’iyati, qadrini ko‘rsatuvchi oynadir. Oynamiz xiralashgan, tozalab olish kerak”, – deya yozadi Shahnoza Soatova.
Kun.uz muxbiri “Reklama to‘g‘risida”gi qonun targ‘ibotida yo‘l qo‘yilayotgan harakatsizlik yuzasidan izoh olish uchun Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Sobir Shukurov bilan bog‘landi. Departament mudiri esa o‘zi Nukusda tashkil qilingan festivalda yurganini aytib, bu bo‘yicha ishlanayotganini ma’lum qildi.
“Bu bo‘yicha hozir ish ketyapti. Rolik tayyorlayapmiz, bir ikkita targ‘ibot materiallarini qilyapmiz. Bizni buyoqqa, Qoraqalpog‘istonga jo‘natib yuborishgan, 200 ta shoir, san’atkor va ma’naviyatchilar bilanmiz.
Buni o‘zimiz ham tez orada boshlaymiz”, – dedi Shukurov.
Ma’lumot uchun, bu hukumatning Davlat tiliga oid norma va qonunlarga hurmatsizligi, befarqligi bo‘yicha jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘layotgan ilk holat emas.
Jumladan, Kun.uz avvalroq Oliy Majlis qonunchilik palatasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni Qonunchilik palatasining bundan buyongi ko‘rib chiqishidan olib tashlash bo‘yicha qaror qabul qilgani va shu qonunning achinarli taqdiri haqida maqola e’lon qilgan edi.
Shuningdek, 2020 yil 25 aprel kuni regulation.gov.uz’ga joylangan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi (davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni ko‘zda tutuvchi) Qonun loyihasi ham izsiz g‘oyib bo‘ldi va bu bo‘yicha jamoatchilikka biror izoh berilmadi.
Adliya vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘sha vaqtda qonun loyihasi muhokama muddati tugagach, Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan bo‘lgan, ammo loyiha Qonunchilik palatasiga muhokama uchun kiritilmadi. Shu bilan davlat tiliga oid yana bir norma loyihaligicha qolib ketdi.
Mavzuga oid
20:34 / 31.08.2024
“Avvalo o‘zbek tilida yozilsin” - Buxoroda reklama bannerlari va lavhalar nega olib tashlanyapti?
22:26 / 15.02.2024
Milliy g‘urur va tilimiz qadrini ko‘tarish uchun nimalar qilishimiz kerak?
18:10 / 21.11.2023
“Amaldagisida na tish va na tirnoq bor” - yangilanayotgan “Davlat tili haqida”gi qonun qanday bo‘lishi kerak?
18:19 / 28.10.2023