O‘zbekiston | 21:27 / 15.08.2022
7234
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi arxeologiya yodgorligiga 1,5 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi

Noma’lum shaxslar tomonidan Samarqand tumanidagi VI-VII asrlarga oid “Nomsiztepa” arxeologiya yodgorligining bir qismi buzib tashlangan.

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, prokuratura organlari tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda moddiy madaniy meros obektlarini himoya qilish va ular bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish borasida o‘tkazilgan tekshiruvlarda, davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.

Jumladan, o‘tkazilgan tekshiruvlarda Samarqand tumanidagi VI-VII asrlarga oid Nomsiztepa arxeologiya yodgorligining bir qismi noma’lum shaxslar tomonidan buzilishi oqibatida, davlat manfaatlariga 1,5 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan X-XII asrlarga oid Chordangitepa arxeologiya yodgorligining bir qismi fuqaro M.F. tomonidan buzib tashlanib, o‘rnida uy-joy qurib yuborilgani va davlat manfaatlariga 315 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, tekshirish natijalariga ko‘ra, har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan O‘rdatepa yodgorligi bir qismi buzib tashlanib, o‘rniga uy qurib olingani aniqlangandi.

Mavzuga oid