O‘zbekiston | 11:50 / 15.08.2022
9145
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondagi ikkinchi eng yirik bank Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochdi

O‘zbekiston Markaziy banki «Oriyonbank» vakolatxonasini akkreditatsiyadan o‘tkazdi, deb xabar qildi O‘zbekiston moliya regulyatori matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, «Oriyonbank»ning 3 avgustda taqdim etilgan akkreditatsiyasi 2025 yilning 2 avgustigacha amal qiladi. 

Bungacha O‘zbekistonda yettita xorijiy bankning vakolatxonalari faoliyat yuritgan: J.P. Morgan Chase Bank (AQSh), «Gazprombank» (RF), Commerzbank AG (Germaniya), Landensbank Baden-Wurttemberg (Germaniya), shuningdek, Kyongnam Bank, Shinhan Bank va Korea Eximbank (barcha Koreya Respublikasi). 

Chet el bankining vakolatxonasi faqat bosh bankning manfaatlarini ifodalash uchun tashkil etiladi, uning vazifalari sheriklar topish, reklama tadbirlari va marketing tadqiqotlarini o‘tkazishdan iborat. Bankning vakolatxonasi filialdan farqli ravishda bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqiga ega emas. 

«Alif Bank» egalik qiluvchi «Alif Tek» va «Alif Molia» kompaniyalari O‘zbekistonda qariyb uch yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. 

2019 yil yozida «Alif Tek» O‘zbekiston Markaziy bankining to‘lov tashkiloti litsenziyasini oldi, u transchegaraviy o‘tkazmalar, muassasalarda to‘lovlar, mobil aloqa balansini to‘ldirish bo‘yicha operatsiyalar, kommunal xizmatlar uchun to‘lov va boshqalarni amalga oshiradi.

«Oriyonbank» tizimli banklar ro‘yxatiga kiritilgan, uning Tojikiston moliyaviy vositachilik bozoridagi ulushi 20,06 foizni tashkil etadi (umumlashtiruvchi ko‘rsatkich). Bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Oriyonbank» «Amonatbank» davlat tijorat bankidan (24,64 foiz) keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Tojikistonda ushbu bankning 32 ta filiali va 237 ta xizmat ko‘rsatish markazlari mavjud. 

Tojikistonning «Oriyonbank» aksiyadorlik tijorat sanoat-qurilish banki 1991 yil aprel oyida «Tojiksanoatqurilishbank» negizida tashkil etilgan. 2002 yil aprel oyida uning nomi «Oriyonbank» deb o‘zgartirildi. Ushbu bank boshqaruvi raisi Hasan Asadullozoda hisoblanadi.

Mavzuga oid