Trampning villasidan o‘ta maxfiy hujjatlar topildi. Ular orasida Makron haqida ma’lumot ham bor
AQShda navbatdagi katta siyosiy mojaro avj oldi. FQB sobiq prezident Trampning Floridadagi uyidan o‘ta maxfiy hujjatlar topgan. OAVning yozishicha, holat Josuslik to‘g‘risidagi qonunga asosan tekshirilmoqda, ammo bu Tramp boshqa davlatga ishlashda gumonlanmoqda degani emas.
Juma kuni o‘tkazilgan tintuvda Trampning uyidan 11 komplekt hujjatlar topilgan. Ulardan 4 tasi o‘ta maxfiy hujjatlardir. Shuningdek, topilgan hujjatlarning 3 tasida «maxfiy» belgisi bo‘lgan, yana 3 ta hujjatda shaxsiy ma’lumotlar bo‘lgan. Ba’zi hujjatlarda «TS/SCI» (Top Secret / Sensitive Compartmented Information) belgisi bo‘lgan. Bu tarqalishi milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan hujjatlarga qo‘yiladigan belgidir.
Orderda FQB agentlari holatni Josuslik to‘g‘risidagi qonunga asosan ham tekshirishi qayd etilgan. Politico nashrining aniqlik kiritishicha, bu qonun faqat ma’lumotni boshqa davlatga berish holatlarini emas, maxfiy ma’lumotlarni qaytarishdan bosh tortish holatini ham tartibga soladi.
Endilikda o‘zi hukumat tepasida bo‘lgan vaqtda bunday qonunbuzarlik uchun jazoni kuchaytirgan Trampga 5 yilgacha qamoq jazosi xavf solmoqda. Trampning aytishicha, topilgan hujjatlar allaqachon oshkor bo‘lgan va maxfiylik kasb etmaydi.
AQSh tarixida ilk marta sobiq prezidentning qarorgohi surishtiruv doirasida tintuvdan o‘tkazilgan. Trampning «Mar-a-Lago» nomli qarorgohi Floridadagi Palm-Bichda joylashgan.
Topilgan hujjatlarda nimalar yozilgan?
Hujjatlar ro‘yxati sud tintuv natijalari borasidagi e’lon qilgan bayonotida aniq bo‘ldi. Tintuv jarayonida maxfiy hujjatlardan tashqari 20 ta quti ham topilgan. Unda suratlar, qo‘lda yozilgan qaydlar, Fransiya prezidenti haqidagi qandaydir ma’lumot, Trampning eski ittifoqchisi Rojyer Stoun tomonidan yozilgan afv xati va boshqa oshkor qilinmagan qaydlar topilgan.
Stoun – Respublikachilar partiyasining siyosiy konsultanti bo‘lishi bilan birga lobbist ham hisoblanadi. Tramp bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Stoun 2019 yil maxsus prokuror Robert Myullerning Rossiya AQShdagi prezident saylovlariga aralashgani borasidagi katta surishtiruv ishi doirasida hibsga olingandi. O‘shanda WikiLeaks saylovda Trampning asosiy raqibi bo‘lgan Hillari Klintonni kamsitadigan ma’lumotlar tarqatgan, Stoun WikiLeaks asoschisi Julian Assanj bilan hamkorlikda ayblanib qo‘lga olingan.
Trampning villasidan Stoun yozgan kechirim xati topilgach, uning advokati bunday xat yozilganidan o‘zining ham, mijozining ham xabari yo‘qligini ma’lum qildi.
Sud orderida aytilishicha, tintuv ishlari «Mar-a-Lago» villasidagi «45-ofis» nomli xonada ham o‘tkazilgan. Tramp AQShning 45-prezidenti sifatida ishchi xonasini shunday nomlagan. Shuningdek, villadagi omborlar ham titib chiqilgan. FQB xodimlari xizmatchilar xonasi va mehmonxonaga kirmagan.
AQSh Adliya vazirligi ish favqulodda ahamiyatga ega bo‘lgani sabab Florida sudiga tintuv natijalari bo‘yicha imkon qadar tezroq ma’lumot berishni so‘rab murojaat qilgan. Trampning o‘zi harakatlarni siyosiy sabablar bilan bog‘lab, uyidan topilgan hujjatlar oshkor qilinishiga qarshi emasligi, buni o‘zi ham talab qilishini aytdi.
Tramp hujjatlarni oshkor qilganmi?
Sobiq prezident Tramp ofisi holat bo‘yicha bayonot berar ekan, topilgan hujjatlarni uning o‘zi oshkor qilgani, prezidentlik faoliyatida bunday vakolatga ega bo‘lganini ma’lum qildi.
«Prezident Trampning maxsus buyrug‘i bilan Oval kabinetdan olib chiqilib, qarorgohga olib ketilgan hujjatlar oshkor etilgan deb hisoblangan. Ma’lumotlarni maxfiylashtirish va ularni oshkor qilish faqat prezidentga tegishli bo‘lgan vakolatdir. Prezidentda bunday vakolat bo‘laturib hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish uchun qandaydir byurokratning roziligi kerak deb o‘ylash mantiqsizlikdir», deyiladi ofis bayonotida.
«Prezident ma’lumotni oshkor qila oladi, ammo bu uchun maxsus jarayon o‘tkazilishi kerak. Maxsus anketa to‘ldirilishi, u belgilangan tartibda ro‘yxatga olinishi talab qilinadi. Bo‘ldi, bu ma’lumot bugundan maxfiy emas, deb ketilmaydi, bu jarayon belgilangan talablardan o‘tishi shart. Bu holatda jarayon qanday amalga oshgani aniq emas», deydi o‘z vaqtida AQSh Adliya vazirligida faoliyat olib borgan huquqshunos Tom Dyupri.
Trampni chekkaga chiqarishmoqchimi?
Trampning matbuot kotibi Teylor Budovich tintuv ishlari Bayden administratsiyasi boshqaruvida o‘tayotgani, ammo bu «fokus» ular kutganchalik o‘tmaganini aytdi. Uning aytishicha, Oq uy yolg‘on ma’lumot tarqatib, mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda [prezidentning] asosiy raqibini safdan chiqarmoqchi.
Trampning konservator ittifoqchilari ham uning villasi siyosiy sabablar bilan tintilgani, sobiq prezident 2024 yilgi saylovda ham ishtirok etishni istayotgani uchun shunday bo‘lganini aytishmoqda.
AQSh huquq tartibot organlari FQB agentlari va tintuvga aloqador bo‘lgan boshqa davlat odamlari manziliga internetda turli xil tahdidlar yog‘dirilayotganiga e’tibor qaratgan. Tintuv o‘tkazishga shaxsan order bergan AQSh bosh prokurori Merrik Garland esa huquq tartibot organi xodimlarini qo‘llab-quvvatladi. Prokuror bunday tahdidlarga jim qarab turolmasligini aytgan.
Voqealar rivoji:
Yanvar 2022 yil : AQSh Milliy arxivi xodimlari «Mar-a-Lago» villasidan Oq uy faoliyati bilan bog‘liq 15 quti hujjat olib chiqishadi. Ularning aytishicha, Trampning prezidentlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan ba’zi hujjatlar yirtib tashlangan.
Fevral: Trampning Floridadagi villasida maxfiy hujjatlar saqlanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Milliy arxiv tashkiloti tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha Adliya vazirligiga murojaat qiladi.
Aprel: OAVda FQB holat bo‘yicha birlamchi surishtiruv boshlagani yozildi.
3 iyun: Adliya vazirligining yuqori mansabli amaldori va FQBning uch nafar agenti Trampning villasini tintish uchun Floridaga yo‘l oladi. Tramp ularni iliq kutib oladi.
8 iyun: Federal tergovchilar Trampning yordamchisiga maxsus xizmatlarni qiziqtiradigan predmetlar saqlanadigan binodagi qulfni ishonchlirog‘iga almashtirishni so‘rab xat yozishadi. Tramp so‘rov bajarilganini aytadi.
22 iyun: Trampning ofisiga Adliya vazirligiga chaqiruv boradi. Bunga Floridadagi villa kuzatuv kameralariga tushgan kadrlar sabab bo‘lgani aytildi.
8 avgust: Floridadagi Trampga tegishli «Mar-a-Lago» villasida o‘nlab FQB agentlari ishtirokida tintuv o‘tkaziladi. Sud hisobotida aytilishicha, ular orasida o‘ta maxfiy hujjatlar ham bo‘lgan.
Mavzuga oid
08:38
FT: Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga va’da berdi
09:55 / 20.12.2024
Shols va Tramp telefon orqali Ukrainadagi urushni muhokama qildi
17:34 / 18.12.2024
Tramp dastlab million migrantni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV
11:05 / 17.12.2024