Avaz Berdiqulov Musurmonqulovich haqida

  • Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) musobaqalarni o‘tkazish boshqarmasi futbol tadbirlari bo‘limi rahbari
  • 2008 yildan beri OFKda (Kuala Lumpur, Malayziya) faoliyat olib boradi.
  • 2001-2004 va 2006-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi «Jahon» axborot agentligida, 2004-2006 yillarda Shanhay hamkorligi tashkiloti kotibiyatida (Pekin, Xitoy) ishlagan.
  • 1999 yil O‘zMUning o‘zbek filologiyasi fakultetini, 2001 yil Angliyaning Bornmut universitetida multimediya jurnalistika sohasida magistraturani tamomlagan. Xitoyning Pekin chet tillar universiteti xalqaro munosabatlar va diplomatiya fakulteti doktoranti.
  • Oilali, 2 nafar farzandi bor.

— Osiyo Kubogi-2023ga tayyorgarlik va turnirga mezbon topish masalasi qanday ketmoqda?

— Hozirda OFK oldida turgan asosiy ish — 2023 yilgi Osiyo Kubogini qayerda o‘tkazish. Xitoy koronavirus xavfi sabab mezbonlikdan voz kechdi. Alternativ qidirdik. Qit’a chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritgan jamoalardan tanlashimiz kerak edi, chunki chiqa olmagan jamoaga yana bir bo‘sh o‘rin yo‘q.

4 mamlakat qiziqish bildirdi — Janubiy Koreya, Indoneziya, Qatar va Avstraliya. Turnirni o‘tkazishga 2023 yil yozi va 2024 yil yanvar variantlari bor. Agar Qatar yoki Avstraliya mezbonlikni qo‘lga kiritsa, qishda o‘tkazamiz. Qolgan ikki mamlakat esa yozda qabul qila oladi. 17 oktyabrda Kuala-Lumpurda ijroiya qo‘mitamizning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi va o‘sha kuni mezbonni e’lon qilamiz.

O‘zbekiston? Mezbonlikka qiziqish bildirishmadi. 4-5 yil avval nomzodlar qatorida bor edi, ammo talablarimizni qo‘yganimizdan so‘ng keyinroq arizani qaytarib olishdi.

— Toshkentda o‘tgan Osiyo Kubogi U-23da biz ko‘rmagan yana qanday kamchiliklar kuzatildi?

— Har bir turnirda muammolar bo‘ladi. Ayrim jamoalar natijaga erisha olmay, aybni tashkilotchilikdan izlaydi.

Bu pandemiyadan keyin o‘tkazgan eng yirik musobaqamiz bo‘ldi. Tibbiyot tomonlama ko‘p ishlashga to‘g‘ri keldi. Bir qancha futbolchilarda koronavirus aniqlandi, ularning o‘rniga boshqa o‘yinchilarni chaqirish imkonini berdik. O‘FA yangi keladigan futbolchilarga tezkor ravishda viza tayyorlab berdi.