Kobulda xuftonga yig‘ilganlar o‘ldirildi. Mudhish teraktni kim qildi?
17 avgust kuni Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi masjidlardan birida mudhish terakt sodir etildi. Terrorchi-xudkush Siddiqiya masjidida o‘zini portlatishi oqibatida hozircha 21 kishi halok bo‘lgani, 33 kishi yaralangani ma’lum.
Afg‘onistonda boshqaruvchi kuch bo‘lgan «Tolibon» rasmiylarining xabar berishicha, terakt sodir bo‘lgan masjidda odamlar xufton namozini o‘qish uchun to‘plangan, masjid ichi to‘la bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, portlash juda kuchli bo‘lgan va atrofdagi uylarning derazalari sinib ketgan.
Voqea guvohlaridan biri Reuters bilan suhbatda jasadlar hatto masjid derazalaridan otilib chiqqani, juda ko‘p jasadlarni ko‘rganini aytgan. Qurbonlar orasida masjid imomi Amir Muhammad Kobuli ham bo‘lgan va terakt aynan uni yo‘qotishga qaratilgan degan taxmin ham ilgari surilmoqda. Guvohlarning The Washington Post muxbiri bilan suhbatda aytishicha, imom katta hurmatga sazovor odam bo‘lgan, u hech qaysi guruhlarni qo‘llamagan yoki qarshi chiqmagan.
«U doim rost gapirardi», deydi yana bir guvoh WP bilan suhbatda. Guvoh ismi sir qolish sharti bilan imom toliblar hukumat tepasiga kelishidan avval IShIDga o‘xshagan guruhlarning nishoni bo‘lganini aytdi.
Buni kim qildi?
Teraktni kim amalga oshirgani aniq emas, lekin «Tolibon» Afg‘onistonda boshqaruvni qo‘lga olganidan keyin tashkilotning IShID bilan qarama-qarshiligi kuchayib ketdi. Shu sabab masjiddagi portlashni ham IShID terrorchilari amalga oshirgan bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Guruh vakillari o‘tgan oy davomida Kobulda uch nafar diniy ulamoga hujum qilgan, boshqa viloyatda esa bir necha ulamolar o‘ldirilgan. Bularning barchasi IShID tomonidan qilingani, Siddiqiya masjidi imomi ham aynan shu tizimli qotilliklar doirasida o‘ldirilgani taxmin qilinmoqda. O‘tgan haftada «Tolibon»ga yaqin ekani aytilgan shayx Rahimullo Haqqoniy o‘ldirilgandi. Shu bois toliblar IShIDga qarshi kurashish uchun Afg‘oniston sharqiga qo‘shimcha kuch yuboradigan bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqda masjidda odamlar qonga bulanib yotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. O‘lganlar orasida bolalar ham bo‘lgan.
Ekspertlar IShID shu vaqtgacha shialar masjidiga hujum qilgani, bu gal esa sunniylar namoz o‘qiydigan masjid portlatilganiga e’tibor qaratgan. Ularning taxmin qilishicha, «Tolibon» mamlakatni egallaganining bir yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan teraktni IShIDchilar amalga oshirgan bo‘lsa, bu ularning hujum qiladigan doirasi kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Yaradorlarga kechiktirib bo‘lmas yordam ko‘rsatuvchi asosiy nodavlat tibbiyot tashkilot rahbari Stefano Sotssa shifokorlar 35 kishiga yordam ko‘rsatgani, ular orasida bolalar ham bo‘lganini aytdi. «Shifokorlarimiz kechasi bilan xirurgik yordam kerak bo‘lganlarni operatsiya qilishdi. Ular portlashda yaralangani uchun tanasidan turli xil buyumlar parchasini olib tashladik, tashqi tomondan esa ko‘pchilikning tanasida kuyish kuzatilgan», deydi Sotssa.
Shifokorning taxmin qilishicha, portlash masjid ichkarisida sodir bo‘lgan: «Aftidan, namoz vaqtida kimdir masjidga kirib borgan va qo‘lbola portlovchi vositani ishga tushirgan. Ichkarida odam ko‘p bo‘lgan, uning (xudkushning) yonida bo‘lgan odamlar halok bo‘lgan», deb o‘z taxminini bildirgan yaradorlarni ko‘zdan kechirgan shifokor.
Doktorning aytishicha, mustaqil shifokorlar tashkiloti avgust oyining o‘zida portlash yoki boshqa turdagi ommaviy qo‘poruvchilik harakatlari oqibatida yaralangan 80 kishini davolagan. «Mamlakat o‘z kelajagini barbod qiluvchi juda uzoq davom etayotgan mojaro sabab sillasi qurib bormoqda», deydi u.
Tolibon rasmiysi Zabihullo Mujohidning aytishicha, teraktni amalga oshirganlar topib, jazoga tortiladi.
Qurbonlar soni ko‘payib bormoqda
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024