Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Kobuldagi masjidda namoz payti sodir etilgan teraktni qoraladi
Kobul shahridagi masjidlardan birida kechki namoz vaqtida sodir etilgan portlashda kamida 21 kishi qurbon bo‘ldi, 33 kishi yaralandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hodisani qat’iy qoralab, bu vahshiylikni uyushtirganlar aniqlanishiga umid bildirdi va halok bo‘lganlarining yaqinlariga hamdardlik izhor qildi.
17 avgust kuni kechqurun Kobul shahridagi Siddiqiya masjidida, namoz paytida sodir etilgan portlash oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi. 33 kishi jarohat olgan. Bu haqda “Al-Jazira” mahalliy politsiyaga tayanib xabar bermoqda.
Portlash tashkilotchilari haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Toliblar bayonotida biror guruhga nisbatan ayblov ilgari surilmagan.
“Tinch aholining qotillari va jinoyatchilar tez orada o‘z jinoyatlari uchun jazonaladi”, – deya yozdi “Tolibon” hukumati so‘zchisi Zabihullo Mujohid.
Kobulda faoliyat yuritayotgan Italiyaning Emergency tibbiy notijorat tashkiloti portlashdan shikastlangan 35 bemorga tibbiy yordam ko‘rsatgani, ulardan 9 nafari 18 yoshga to‘lmaganlar ekanini ma’lum qilgan.
Qurbonlar orasidagi bolalar soni ma’lum emas. Hodisa guvohlari hujum oqibatida masjid imomi ham halok bo‘lganini aytgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qonli voqea xabarini chuqur qayg‘u bilan qabul qilganini bildirdi.
“Mazkur terrorchilik xurujini qat’iy qoralaymiz hamda ushbu vahshiyona xatti-harakatning tashkilotchilari va ijrochilarini aniqlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishiga umid qilamiz.
Halok bo‘lganlarining oilalari va yaqinlariga chin dildan hamdardlik bildirib, jabrlanganlarning sog‘ayib ketishini tilaymiz”, – deyiladi TIV bayonotida.
Bir yil oldin Afg‘onistonda nazorat o‘rnatgan toliblar mamlakatda tinchlik o‘rnatganini da’vo qilayotgan bo‘lsa-da, teraktlar hamon ro‘y bermoqda. Ko‘plab xunrezliklar uchun IShIDning Xuroson bo‘limi javobgarlikni o‘z zimmasiga olmoqda. Guruh o‘tgan hafta “Tolibon”ning diniy yetakchilaridan bo‘lgan Shahimullo Haqqoniyni ham portlatish orqali o‘ldirgan.
Mavzuga oid
09:05 / 17.06.2026
Afg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
10:50 / 12.06.2026
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida qo‘shimcha temiryo‘l qurilishi mumkin
11:30 / 11.06.2026
Afg‘oniston–Pokiston mojarosiga qaramay, Kobul koridorini qurish loyihasi davom etmoqda
17:54 / 10.06.2026