O‘zbekiston | 17:35 / 18.08.2022
9957
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev IHT bosh kotibini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 avgust, Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi ikkinchi kunida Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashdi.  

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda nufuzli xalqaro tuzilma hozirgi zamon xatarlari sharoitida islom qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon xalqlari o‘rtasida hamjihatlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi. O‘zbekiston bilan IHT o‘rtasidagi hamkorlik bugungi darajasi, ularni barcha dolzarb yo‘nalishlarda yanada kengaytirish istiqbollari baholandi.

Husayn Ibrohim Toha O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotida alohida o‘rin tutishi, mamlakat ilgari surayotgan loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. IHT mamlakatlari turizm vazirlari tomonidan Xiva shahri 2024 yilda “Islom dunyosi turizm poytaxti” deb e’lon qilingani bilan tabrikladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston bundan buyon ham ta’lim, fan, innovatsiyalar sohalarida, iqlim o‘zgarishi masalalarida IHT bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlandi. Oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish kabi muhim ijtimoiy yo‘nalishlarda, shu jumladan IHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida  tajriba almashishga kelishib olindi.

O‘zbekiston fan va ta’lim sohalaridagi boy salohiyati qayd etilar ekan, IHT mamlakat bilan tashkilotga a’zo rivojlanayotgan davlatlarda yoshlarni o‘qitish va malakasini oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. “O‘zbekiston – buyuk mutafakkirlar va olimlar yurti, tashkilotimiz bu sohalarda respublikangiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor”, dedi bosh kotib.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Afg‘oniston xalqiga gumanitar ko‘mak ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Termizdagi logistika markazini rivojlantirish orqali ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini yetkazish mumkinligi qayd etildi. Termizdagi Afg‘on yoshlari uchun ta’lim markazi faoliyatiga yuqori baho berildi. Global, eng avvalo, Orol mintaqasidagi ekologik muammolarni hal qilish masalalari muhokama qilindi. IHT bosh kotibi joriy yil martda Islomobodda IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Orolbo‘yi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarni qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Orol dengizi va Chad ko‘li qurishi bir-biriga o‘xshash muammolardir, ushbu global ekologik xatarlarni bartaraf etish xalqaro hamjamiyat va moliyaviy institutlarni jalb qilishga qaratilgan umumiy hamkorlikni taqozo etadi”, dedi Husayn Ibrohim Toha. Ularga yechim izlash maqsadida ilmiy va amaliy tajriba almashish, xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston prezidenti bosh kotibni mamlakatimizga tashrif bilan borishga taklif etdi. Husayn Ibrohim Toha bu taklifni qabul qildi.

Mavzuga oid