Jahon | 08:33 / 23.08.2022
5321
3 daqiqa o‘qiladi

Jozep Borrel rossiyaliklarning YeIga kirishini taqiqlashga qarshi chiqdi 

Yevropa diplomatiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, YeI rossiyalik oligarxlarga eshiklarini ochmasligi kerak, biroq «bunday vaziyatda yashashni istamagani uchun mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan boshqa rossiyaliklar ko‘p».

Foto: European Parliament

Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiya fuqarolarining Yevroittifoqqa kirishini taqiqlash taklifiga qarshi chiqdi. «Barcha rossiyaliklarga kirishni taqiqlash - yaxshi fikr emas», dedi Jozep Borrel Ispaniyadagi anjumanda. «Biz ko‘proq tanlab olishimiz kerak», deya 22 avgust, dushanba kuni Yevropa diplomatiyasi rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan Bloomberg.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, YeI rossiyalik oligarxlarga eshiklarini ochmasligi kerak, biroq «bunday vaziyatda yashashni istamagani uchun mamlakatni tark etishni istagan boshqa rossiyaliklar ko‘p». 

Rossiyalik sayyohlarga vizalar berishni YeI miqyosida taqiqlash YeIning Rossiyaga yo‘llagan signalini qo‘llab-quvvatlash uchun «yaxshi vosita» bo‘ladi. Bu haqda Yevroparlamentning fuqarolik erkinliklari, adolat va ichki ishlar qo‘mitasi a’zosi, Germaniya Xristian-demokratik partiyasidan deputat Lena Dyupon DW mediakompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi. «Ayniqsa, Yevropa davlatlariga eng ko‘p sayohat qiladigan ruslar o‘z mamlakati va hukumati nima qilayotganini bilmaydiganlardan emas. Demak, vizani taqiqlash maqsadli va mazmunli vosita bilan sanksiyadagi odamlar ro‘yxatini kengaytirishning bir yo‘li bo‘ladi», dedi siyosatchi. 

Dyupon viza taqiqi mamlakatni tark etishga urinayotgan rossiyalik dissidentlarga ta’sir qilishi haqidagi da’volarni rad etdi. «Viza siyosati boshqa narsa, boshpana berish tartib-qoidalari esa boshqa narsa. Demak, ular o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Viza siyosati yoki viza dastagidan boshpana berish tartibiga ta’sir qilmasdan foydalanish mumkin», dedi Yevroparlament deputati. 

YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari avgust oyi oxirida Pragada bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda rossiyalik sayyohlarga viza berilishini taqiqlashni muhokama qilmoqchi. Estoniya, Latviya va Finlandiya kabi davlatlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan taqiqning to‘liq miqyosda joriy etilishi tarafdori. Germaniya federal kansleri Olaf Shols vizani keng ko‘lamli taqiqlashdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. 

Mavzuga oid