Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yadro zarbasi xavfi va Kremlning siyosiy loyihalari: Britaniya generali bilan suhbat
Ukrainadagi urush cho‘zilib ketgani va bosib olingan hududlar bo‘yicha Moskva rejalari Rossiyaning taktik yadroviy zarbasi xavfini oshiradi, deydi Britaniya birlashgan kuchlari qo‘mondonligining sobiq rahbari general Richard Berrons.
G‘arb bunday ssenariyning oldini olishi kerak, deb hisoblaydi general, lekin Kremlga yon bosish evaziga emas.
Aksincha, AQSh va Yevropa Ukrainani uzoq muddat davomida qo‘llab-quvvatlashini kafolatlashi va Rossiyani yadro mojarosi keltirib chiqaradigan oqibatlardan ogohlantirishi kerak.
Referendumlarning yadroviy xavfi
Ukrainadagi urush boshlanganida Rossiya tomonidan taktik yoki kichik yadroviy qurollar qo‘llanishi haqida barcha tomonlar gapirgandi. Davlat dumasi deputatlari va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov shunday qilishga chaqirgan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va MRB direktori Uilyam Byorns bu xavf jiddiyligi haqida ogohlantirgan.
«Rossiya harbiy doktrinasiga muvofiq, taktik yadro qurollari bunday mojarolarda qo‘llanmaydi», dedi Rossiyaning Britaniyadagi elchisi Andrey Kelin shu yilning may oyida. Biroq avvalroq rossiyalik diplomatlar Ukrainaga hech qanday bosqin bo‘lmasligini ham ta’kidlagandi.
Richard Berronsning fikricha, agar Ukraina armiyasining Xerson viloyatida yoki boshqa joylarda qarshi hujumi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, yadroviy zarba xavfi ancha jiddiylashadi.
U buni ikki omil bilan izohlaydi. Birinchisi, Kremlning bosib olingan hududlarda referendum o‘tkazish rejalari. Agar bu amalga oshsa, u holda natijaga shubha yo‘q, deydi ekspertlar: ovoz berish Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish kafolati bo‘ladigan tarzda tashkil etiladi. Hozircha referendumlar sanasi aniq emas.
Ikkinchisi, Ukrainaning 2014 yildan beri yo‘qotilgan barcha hududlarini, jumladan annexia qilingan Qrimni ham qaytarib olish bo‘yicha rasman e’lon qilingan rejalari.
Shu maqsadda Kiyev armiyani modernizatsiya qilmoqda va G‘arb davlatlaridan nafaqat rus qo‘shinlarini to‘xtatadigan, balki qarshi hujumga ham o‘tish imkonini beradigan zamonaviy qurollarni so‘ramoqda.
Ukraina bu qurollarni olib, kerakli resurslarni to‘plagunga qadar, mamlakatning janubi-sharqiy hududlari Rossiyaning bir qismiga aylanishi mumkin. Albatta, ushbu annexia xalqaro huquq nuqtayi nazardan noqonuniy bo‘ladi va uni dunyoning aksariyat davlatlari tan olmaydi. Ammo bu Rossiya hukumatiga ushbu hududlarni o‘z davlatining bir qismi deb hisoblashiga to‘sqinlik qilmaydi.
Shuning uchun ham, ushbu hududlarni himoya qilish uchun Rossiya 75 yil ichida birinchi marta yadro qurolidan foydalanish kabi misli ko‘rilmagan qadamni qo‘yishi mumkin, dedi Berrons.
«Agar Ukraina qarshi hujum uchun resurs to‘plashga muvaffaq bo‘lsa va haqiqatan ham muvaffaqiyatga erishsa, kichik yadroviy quroldan foydalanish Rossiya harbiy doktrinasiga to‘liq mos kelishi haqidagi rossiyalik siyosatchilar va harbiylarning fikrini eshitsak kerak», deydi general.
Rossiya Federatsiyasining yadroviy doktrinasiga ko‘ra, yadro quroli yadro hujumiga javoban, shuningdek, davlatga tahdid soladigan boshqa tajovuz va muhim obektlarga hujum sodir bo‘lgan taqdirda qo‘llanishi mumkin.
«Gap qit’alararo ballistik raketalar haqida ketmayapti. Balki Rossiya rasmiylari nazarida davlat manfaatlariga tahdid soladigan hujumni to‘xtatish uchun qo‘llanadigan kichik yadroviy qurol haqida», deydi Berrons.
Rossiya qaysi obektlarga yadro zarbasi berishi mumkinligi haqida mutaxassislarning turli fikrlari bor: dengiz ustida yadro bombasini namoyishkorona portlatishdan tortib Kiyevni o‘qqa tutishgacha.
Biroq Berronsning fikricha, zarba qarshi hujumga o‘tgan Ukraina armiyasi bo‘linmalariga beriladi, agar Rossiya qurolli kuchlari ularni boshqa yo‘l bilan qaytara olmasa.
«Bu qadam Rossiyani o‘rta asrlarga qaytaradi»
Britaniyalik harbiy bu fikrlari bilan Ukrainani bosib olingan hududlarni ozod qilish rejalaridan qaytarmoqchi emasligini ta’kidlamoqda. Balki, G‘arb yetakchilarini bu xavfni tan olishga va uning oldini olish uchun hamma narsani qilishga chorlamoqda.
«Buni qanday amalga oshirish kerak? Agar Rossiya bu qadamni bosadigan bo‘lsa, jazo choralari ko‘p marta ko‘payishi, o‘rta asrlarga uloqtirilishi, jahon iqtisodiyotidan chetlatilishi yoki Ukraina NATO a’zoligiga qabul qilinishi haqida ogohlantirilishi kerak», deydi ekspert.
Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘arb yadro mojarosining oldini olish uchun Xitoy, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirayotgan boshqa davlatlar bilan diplomatik ish olib borishi kerak. Ular ham Moskvaga yadro qurolidan foydalanish o‘zi uchun mutlaqo nomaqbul ekanini bildirishi kerak.
«Putin kichik yadro qurolidan foydalanishning strategik va siyosiy oqibatlarini hisoblab chiqishi darkor. Yadro mojarosi oqibatlari rossiyaliklar uchun juda qimmatga tushishini anglab yetishi kerak», deydi u.
«Nafaqat Ukrainada, balki G‘arbda ham safarbarlik e’lon qilishimiz kerak»
Richard Berrons siyosatchilarni urush o‘z-o‘zidan muvaffaqiyatli yakunlanishi, Rossiya mashinasi ishdan chiqishi, resurslari tugashi yoki Putin Ukrainani bosib olish fikridan qaytishiga umidvor bo‘lmaslikka chaqiradi.
Rossiyaning Ukrainadagi mag‘lubiyatiga erishish mumkin, deydi general, lekin buning uchun G‘arbga Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha uzoq va keng ko‘lamli dastur kerak, shuningdek, harbiy-sanoat kompleksi safarbar qilinishi lozim.
Uning hisob-kitobiga ko‘ra, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash oyiga kamida 6 milliard dollarga tushadi. Harbiy yordam ham yangi bosqichga chiqishi kerak, ya’ni omborlardagi qurol qoldiqlarini yetkazib berish yetarli bo‘lmaydi. Ukraina qurolli kuchlari uchun qurol-yarog‘, snaryadlar va jihozlarni keng ko‘lamda ishlab chiqarish zarur.
«Fevral oyida buni hech kim tasavvur qilmagandi, lekin hozir biz nafaqat Ukrainadagi fuqarolik jamiyatini, balki G‘arb g‘aznasi va sanoatini ham safarbar qilish haqida o‘ylashimiz kerak», deydi Berrons.
Bularning barchasi uchun to‘lov G‘arbning gardaniga tushishi lozim, hatto inflatsiya kuchayib, Yevropani sovuq qish kutayotgan bir paytda ham. Ammo britaniyalik generalning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchilar soliq to‘lovchilarga Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘ri qaror ekanini, jumladan, o‘z xavfsizligi manfaatlariga aloqador ekanini tushuntirishi kerak.
Mavzuga oid
18:53
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
16:47
Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi
10:00
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026