O‘zbekiston | 13:13 / 25.08.2022
8608
2 daqiqa o‘qiladi

ShHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Toshkentda qo‘shma kommyunike imzoladi

O‘zbekistonning Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga raisligi doirasida kecha Toshkentda tashkilotga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Kun.uz

Uchrashuvda xalqaro hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi, mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Uchrashuvda ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar, tashkilot makonida xavfsizlikni mustahkamlash va barqarorlikni ta’minlash, kovid pandemiyasi salbiy oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlikni davom ettirish masalalari kelishib olindi. 

Quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:

ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalarini kengaytirish va ko‘maklashishni davom ettirish;

ShHT va boshqa mintaqaviy hamkor tashkilotlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish;

tashkilotga a’zo davlatlar qurolli kuchlari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va harbiy madaniyat sohasida almashuvni mustahkamlashda muhim platforma bo‘lgan harbiy orkestrlar “Tinchlik navosi” festivali o‘tkazilishini davom ettirish va boshqa masalalar.

ShHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolandi. Hujjatda bir qator tadbirlar, qo‘shma mashg‘ulotlar va o‘quvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir so‘ngida ShHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari navbatdagi yig‘ilishini 2023 yilda Hindistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid