Kun.uz muxbiri Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklar, ishlash va ta’lim olish, shuningdek boshqa masalalarda uzoq yillardan buyon ushbu davlatda istiqomat qilib kelayotgan yurtdoshimiz, Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon bilan suhbatlashdi.
— Dastlab uzoq yillardan beri Saudiya Arabistonida yashayotgan yoki ma’lum sabablar tufayli u yerga borib, ishlayotgan yurtdoshlarimiz haqida so‘zlashsak. Ularning yashash tarzi, hayoti to‘g‘risida qisqacha gapirib bersangiz.
— Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklarni 3 toifaga ajratsa bo‘ladi. Birinchisi – ota-bobolari sho‘rolar davrida Saudiya Arabistoniga hijrat qilib, o‘sha yerning fuqaroligini olib qolib ketgan o‘zbeklar. Ularning orasida siyosiy shaxslar, vazirlar, davlat vakillari, olimlar ham bor.
Ikkinchi toifa o‘zbeklar Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan o‘zbeklar hisoblanadi. Ular o‘sha sho‘rolar davrida Afg‘onistonga hijrat qilib borib, keyin Saudiya Arabistoniga kelgan o‘zbeklardir. Ularning ba’zilari oldin ko‘chib borib, fuqarolik olmagan bo‘lishi ham mumkin. Ularning ijtimoiy holati birinchi toifa bilan teng bo‘lmagani uchun ular ko‘pchilikka tanish emas. Lekin ular ham Saudiyada ko‘pchilikni tashkil etadi.
Uchinchi toifaga esa O‘zbekiston fuqarolari kiradi. Mana shu toifani ham 4 ga bo‘lish mumkin, aslida. Birinchi guruhga Saudiya Arabistonida o‘qiydigan talabalar kiradi. Ular hozirda u yerdagi nufuzli oliygohlarda tahsil olishmoqda.
Keyingi guruh vakillari – oliy ma’lumotli, o‘zining sohasi bo‘yicha ishlash uchun ketgan vatandoshlarimiz. Ular hozirda Saudiya Arabistonining mehnat qonunchiligi asosida, huquqlari to‘laqonli himoya qilingan tarzda 2-3 ming dollar evaziga shartnoma bilan ishlashmoqda. Bunda shartnomalarni yaxshilab o‘rganib, unga keyin qo‘l qo‘yishni tavsiya qilgan bo‘lardim.
Uchinchi guruh esa mutaxassis sifatida ketgan, ammo oliy ma’lumotli bo‘lmagan vatandoshlar sanaladi. Ular oshpaz, maxsus restoranlarda ishlovchi xodimlar bo‘lishi mumkin. Ya’ni qandaydir mutaxassislikka ega, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan qatlam. Bu guruhdagilar o‘rtacha 1-2 ming dollargacha oylik olishadi. Ularning muammolari nisbatan ko‘proq bo‘lishi mumkin.
To‘rtinchi guruhga esa Saudiya Arabistoniga borib, uy ishchisi bo‘lib ishlaydiganlarni kiritamiz. Boshqa guruhlarga solishtirganda, ularning yashash sharoiti va ishi og‘irroq bo‘ladi, dam olish kunlari bo‘lmaydi. Saudiya mehnat qonunchiligi bo‘yicha ularni himoya qilish qiyin.








