Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Homiladorlikka to‘lanadigan nafaqa, bekor bo‘ladigan texnik ko‘rik, 50 foiz ustama oladigan maktab o‘qituvchilari va boshqa yangiliklar - 1 sentabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz fuqarolarga 2022 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Yengil avtomobilda yo‘lovchi tashuvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi
Prezident qaroriga binoan yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni YaIDXP orqali elektron shaklda rasmiylashtirish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, fuqarolar va yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar o‘rtasida tuziladigan transport vositasi ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi hamda ularni davlat soliq xizmati organlari axborot tizimlari orqali elektron tarzda hisobga olish tizimi joriy etiladi.
Xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga ham homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi
Prezident farmoni bilan budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi. Bunda mazkur yuridik shaxslarning homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash majburiyatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘langan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hajmida kamaytiriladi.
“10 yoshga to‘lmagan” avtomobillarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish talab etilmaydi
Prezident qaroriga binoan:
a) ishlab chiqarilganiga o‘n yilgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
b) yengil avtomototransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishning quyidagi muddatlari belgilanadi:
- ishlab chiqarilganiga 11 yildan 14 yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari — 2 yilda 1 marta;
- ishlab chiqarilganiga 15 yil va undan ortiq bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari — 1 yilda 1 marta.
Bunda mazkur muddatlar tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyatida foydalaniladigan yengil avtomototransport vositalari uchun tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak:
a) tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o‘rindiqlar soni 8 ta va undan ortiq bo‘lgan (haydovchining o‘rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularning tirkamalari — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganiga olti yildan ko‘p bo‘lmagan yuridik shaxslarga tegishli transport vositalari (mazkur bandning «a» kichik bandida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari), shuningdek, ishlab chiqarilganiga o‘n bir yildan o‘n to‘rt yilgacha (o‘n to‘rtinchi yili ham) bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi transport vositalari — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilganiga olti yildan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli transport vositalari, ishlab chiqarilgan vaqti aniq bo‘lmagan transport vositalari (mazkur bandning «a» kichik ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari), shuningdek, ishlab chiqarilganiga o‘n besh yil va undan ortiq bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi transport vositalari — bir yilda bir marta.
Avtomobilning egasi yoki davlat raqami o‘zgarganda “tonirovka” ruxsatnomasi amal qilishda davom etadi
Prezident qaroriga asosan oynalar tusini o‘zgartirishga ruxsat berilgan avtotransport vositasiga bo‘lgan egalik huquqi o‘zgarganda, davlat raqami belgisi almashtirilganda yoki avtotransport vositasi egasining ma’lumotlarida o‘zgarish bo‘lganda (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgarganda, yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, uning joylashgan joyi (pochta manzili) yoki nomlanishi o‘zgartirilganda) avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddati avtomatik tarzda saqlab qolinadi.
Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga ijtimoiy-moddiy yordam paketi beriladi
Prezident qaroriga binoan:
- ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga «dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi» mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan birinchi navbatda tuman (shahar) budjetlari mablag‘lari hisobidan, yetishmagan qismi bo‘yicha esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining o‘n baravari miqdorida beriladi;
- idoralararo komissiyalar ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi aniq loyihalarini o‘rganib chiqish va moliyalashtirish bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarni tayyorlashga mas’ul hisoblanadi.
«Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi»ni berish tartib-taomillari Moliya vazirligining «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali ochiq va shaffof tarzda amalga oshiriladi.
O‘zbekistonliklarga ichki turizm xarajatlarining bir qismi qaytariladi
Prezident farmoniga asosan mahalliy turistlar uchun «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish («Cashback») tartibi joriy etiladi.
Sayohat xarajatlarini qaytarish ichki sayohatlarni rejalashtirish va mablag‘larni qaytarish hamda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platforma, shu jumladan uning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beriladi
Prezident qaroriga asosan shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beriladi.
Bunda:
- yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi;
- yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga o‘ziga biriktirilgan aholiga bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lov Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali beriladi;
- yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022 yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.
XTV tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xalqaro tan olingan sertifikatga ega kadrlarga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanadi
Prezident qaroriga asosan Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:
- umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:
- xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
- xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida.
Shuningdek, XTV tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston hududida 16 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi
Prezident qarori bilan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinika filiallari negizida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 16 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etilib,ularning faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, bolalar orasida ko‘p uchrayotgan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 2 — 10 yoshli bolalar orasida gelmintoz, 12 — 15 yoshli qizlar orasida kamqonlik kasalligi bo‘yicha skrining dasturlari joriy etiladi.
Yetim bolalarni oilaviy bolalar uylariga tarbiyaga olish tuman (shahar) hokimining qarori asosida amalga oshiriladi
Prezident qarori bilan oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimining qarori asosida tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni kamida 3 nafarni, lekin ko‘pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda, oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning o‘z farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak.
Oilaviy bolalar uylari tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, qarorda oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun Davlat budjetidan tegishli miqdorda har oylik mablag‘ ajratish nazarda tutilgan.
Yetim bolalarning uy-joyga muhtojligi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlanadi
Prezident qaroriga binoan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligini «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratilishi tartibi o‘rnatilgan.
Chet tili fani o‘qituvchilarining attestatsiyasi jarayonida o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlarida to‘rtta kompetensiya baholanadi
Hukumat qaroriga ko‘ra, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional, shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari chet tili fani o‘qituvchilarining attestatsiyasi jarayonida o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini baholashni nazarda tutuvchi kasbiy sinov shaklida amalga oshiriladi.
Mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarining reyestri joriy etiladi
Prezident farmoniga asosan mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarining reyestri joriy etiladi.
2022 yil 1 sentabrdan 2025 yil 1 yanvarga qadar Reyestrga kiritilgan hududlardagi umumiy xodimlari soni kamida 10 nafar bo‘lgan va ularda ishlovchi xotin-qizlarning mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga:
- Reyestrga kiritilgan hududda joylashgan obektlar bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i 50 foiz imtiyoz qo‘llagan holda hisoblanadi;
- ularda ishlovchi xotin-qizlar mehnatiga haq to‘lash fondiga ijtimoiy soliq 1 foizlik stavkada hisoblanadi;
- budjet tashkilotlariga yillik umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 750 baravarigacha bo‘lgan mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi;
- ular tomonidan ko‘chmas mulk ijaraga olinganda imtiyozlar beriladi.
Raqobatga qarshi bir qator harakatlar xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi
Prezident farmoniga ko‘ra, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan quyidagilar uchun moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi:
- tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
- tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;
- ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.
Bir qator nodavlat tashkilotlarga «Elektron hukumat» tizimi orqali ma’lumotlar olish imkoniyati yaratiladi
Prezident farmoniga asosan quyidagi nodavlat tashkilotlarga «Elektron hukumat» tizimi orqali olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi:
- tijorat banklari;
- telekommunikatsiya tashkilotlari;
- xususiy tibbiyot muassasalari;
- nodavlat ta’lim tashkilotlari;
- sug‘urta tashkilotlari.
Tibbiyot tizimi rahbarlarining hududiy kengash hamda mahalla fuqarolar yig‘inida hisobot berish tartibi joriy qilinadi
Prezident qaroriga asosan tibbiyot tizimi rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida hisobot berish tartibi joriy qilinadi.
Bunda:
- tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokor punktlari mudirlari mahalla fuqarolar yig‘inlarida;
- tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida;
- viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari xalq deputatlari viloyat Kengashlarida hisobot beradi.
Bolalarga yo‘l harakati intizomi o‘rgatiladi
Hukumat qaroriga ko‘ra, «Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi» shiori ostida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilariga yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslarini amaliy-ko‘rgazmali tarzda o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha tuman (shahar)lar kesimida namunali maktablar reytingi shakllantiradi va e’lon qilib boriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.
Davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ilmiy darajasi uchun har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi
Prezident farmoniga asosan davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ularning tibbiyot sohasidagi ilmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Dorixona sotuv zali peshtaxtalarining kamida 10 foiziga dorivor o‘simliklardan tayyorlangan biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalarini joylashtirish talabi qo‘yiladi
Prezident farmoniga ko‘ra, dorixona sotuv zali peshtaxtalarining kamida 10 foiziga dorivor o‘simliklar xomashyosidan tayyorlangan biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalarini joylashtirish dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishning litsenziya talablari va shartlariga kiritiladi.
Seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan obektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi
Farmonga binoan respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub bo‘lgan obektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.
Bunda, Qurilish vazirligi ekspertizadan o‘tkazilgan xavflilik omili IV toifaga mansub obektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ilmiy xulosalar olishga yo‘naltirishga, Fanlar akademiyasi obektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berishga mas’ul etib belgilanadi.
Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 1,35 baravarga oshiriladi
Prezident qarori bilan Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 2022 yil 1 sentabrdan o‘rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.
Jurnalistlarning xorijiy tillarni o‘rganishi rag‘batlantiriladi
Prezident qarori bilan 2022 yil 1 sentabrdan boshlab:
- a) oliy ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilarning mualliflik ko‘rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi;
- b) ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida dars berayotgan, O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladi;
- v) oliy ta’lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish huquqi beriladi;
- g) jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlari tashkil etiladi;
- d) ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining:
- xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi;
- xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinadi.
Avtomaktablar reytingi yuritiladi
Hukumat qaroriga asosan avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim tashkilotlarining reytingi aniqlanadi.
Mavzuga oid
21:32 / 07.04.2026
O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi?
16:56 / 07.03.2026
Qirg‘izistonda uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola davlatdan nafaqa oladi
15:41 / 03.02.2026
Kambag‘allik chegarasidagi oilalarga nafaqa va yordam 6 oyga tayinlanadi
09:12 / 10.01.2026