O‘zbekiston | 18:00 / 26.08.2022
4405
4 daqiqa o‘qiladi

SSP va “Dosso Dossi Holding” Toshkentda 100dan ortiq turk brendlari ko‘rgazmasini o‘tkazdi

24–25 avgust kunlari Tashkent city'dagi Kongress hollda dunyoga mashhur kompaniyalardan biri – “Dosso Dossi Holding”ning ko‘rgazmali tadbirlari o‘tkazildi. Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada Turkiyaning 100dan ortiq yirik brendlari o‘z to‘qimachilik mahsulotlari bilan ishtirok etib, o‘zbekistonlik mahalliy tadbirkorlar bilan ulgurji savdo qilish uchun kelishuvlarga erishdi.

“Dosso Dossi Holding” kompaniyasi 2002 yildan buyon to‘qimachilik sohasida o‘zining turli yirik loyihalari bilan ishtirok etib keladi. Kompaniya to‘qimachilik mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan birga, Turkiyaning yirik brendlari bilan hamkorlikda turli Fashion show'lar, moda namoyishlarini o‘tkazib keladi. Shu sababli ham “Dosso Dossi Holding” moda olamida hanuzgacha o‘z o‘rniga ega.

Kompaniya Moskva, Boku, Olmaotadan so‘ng, 24–25 avgust kunlari Toshkentda ham mana shunday ko‘rgazma o‘tkazdi. Savdo-sanoat palatasi, Toshkent to‘qimachilik va yengil-sanoat instituti bilan hamkorlikda o‘tgan bu tadbirda Turkiyaning 100dan ortiq brendlari qatnashdi. Unda turli mavsum va tadbirlarga mo‘ljallangan to‘qimachilik va yengil-sanoat mahsulotlari namoyish etildi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil-sanoat instituti prorektori Xolida Komilovaning ta’kidlashicha, bunday yuqori darajadagi moda ko‘rgazmasi O‘zbekistonda ilk marotaba bo‘lib o‘tdi.

Xolida Komilova

“Bu kompaniyaning o‘tkazadigan har bir tadbiri, u Fashion show, moda ko‘rgazmasi yoki boshqa tadbir bo‘lsin, ularning hammasi yuqori saviyada tashkil etiladi. Bu kabi ko‘rgazmalarda ko‘zga ko‘ringan eng mashhur insonlar, TOP modellar qatnashgani uchun ular tadbirlarni shouga ham aylantirib yuborishadi.

Shu yil aprel oyida Savdo-sanoat palatasi xodimlari xorijdagi safari chog‘ida “Dosso Dossi Holding” kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, mana shu ko‘rgazmani o‘tkazishga kelishib olishgan. Kompaniyadagilar ham bu borada o‘z rejalari bo‘lgani uchun taklifga rozilik bildirishdi.

Bilasizmi, bu ko‘rgazma bizning mahalliy kompaniyalarimiz uchun dunyo bozoriga chiqish eshigi bo‘lib xizmat qiladi. “Dosso Dossi Holding”dan ko‘p narsalarni o‘rganyapmiz, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti ham turli Fashion show'larni, moda ko‘rgazmalarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik shartnomalarni tuzish niyatida. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fashion-markazga aylanmoqda. Hozirda endi Markaziy Osiyoning fashion-tadbirlarini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha bir qancha ishlar qilinmoqda”, – deydi institut prorektori.

Ko‘rgazmada “Dosso Dossi Holding” kompaniyasi boshqaruv raisi Hikmet Eraslanning o‘zi ham ishtirok etdi.

Hikmet Eraslan

“Toshkentda ekanimizdan juda ham xursandmiz. Boisi, ko‘rgazmamizda ko‘plab professional mutaxassislar, hamkasblardan tashqari, O‘zbekistonning modasevarlari ishtirok etishmoqda.

Bilasizmi, bu kabi tadbirlar nafaqat moda olamida, balki O‘zbekistonning turizm sohasini ham rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Chunki mana shunday moda namoyishlari bo‘laversa, chet elliklar ham qiziqib, ko‘rgazmalar qayerda bo‘layotganini so‘ray boshlashadi, qarabsizki, bu bilan O‘zbekistonga turistlar ko‘proq kelishni boshlaydi.

Mana shu tashkiliy ishlarda bizga katta yordam bergan Savdo-sanoat palatasiga minnatdorlik bildiramiz”, – dedi u.

Qayd etilishicha, yaqin kunlarda “Dosso Dossi Holding” bilan hamkorlik shartnomalari imzolanadi. Bu orqali esa kelgusida ko‘plab moda shoulari va ko‘rgazmalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Savdo-sanoat palatasi Ⓣ

Mavzuga oid